“Milliy Fashion Show” yosh dizaynerlar mahoratini namoyish etdi
Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Yosh dizaynerlar kengashi hamkorligida "Yoshlar oyligi" doirasida “Milliy Fashion Show” modalar namoyishi tashkil etildi.
Bugungi kunda ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan milliy liboslarni asrab-avaylash, ularni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish va zamon bilan uyg‘un holda rivojlantirish milliy o‘zligimizni saqlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash, milliy qadriyatlarimizni yoshlar ongiga chuqur singdirish hamda milliy modani keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda respublikamizning barcha hududlaridan ishtirok etgan 100 ga yaqin yosh dizayner tomonidan taqdim etilgan 800 ga yaqin milliy liboslar kolleksiyasi ko‘rib chiqildi. Natijada har bir hududdan 1 nafardan eng iqtidorli dizayner Respublika final bosqichiga yo‘llanma oldi.

Namoyish doirasida o‘zbek milliy modasining jozibasi, zamonaviy tendensiyalar va an’anaviy uslublarning o‘zaro uyg‘unligi namoyish etildi.

Final bosqichida ishtirokchilar o‘zlarining eksklyuziv kolleksiyalarini namoyish etib, milliylik va zamonaviylik uyg‘unligini o‘zida aks ettirgan liboslarni keng jamoatchilik e’tiboriga havola qildi. Namoyishda atlas va ipak matolar jozibasi, nafis kashtachilik namunalari, milliy naqshlar hamda zamonaviy moda elementlari o‘zaro uyg‘unlashgan holda taqdim etildi.

Tadbir milliy liboslarimizni keng targ‘ib qilish, yosh dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqimizning o‘z an’ana va qadriyatlariga bo‘lgan hurmatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Mehmonlar zamonaviy dizaynerlar tomonidan yaratilgan milliy kolleksiyalar bilan yaqindan tanishib, milliy modaning bugungi rivojlanish tendensiyalariga guvoh bo‘ldi.

Tadbirda qayd etilganidek, milliy liboslarimiz namoyishiga bag‘ishlangan bunday loyihalar yosh avlodning milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatini oshirish, tarixiy merosimizni asrab-avaylash va milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ushbu tashabbusni davom ettirib, milliy modani keng omma orasida targ‘ib etishni maqsad qilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA