Yuridik texnikumda insholar tanlovi o‘tkazildi
Guliston shahridagi Sirdaryo yuridik texnikumida yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik ruhini shakllantirish maqsadida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Tadbirda Adliya boshqarmasi vakillari ham ishtirok etishdi. Ular yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi faoliyatining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Huquqiy axborot shu’basi bosh maslahatchisi Dilnoza Umurzoqova ta’kidlashicha, bunday tanlovlar yoshlarni adolat, qonunga hurmat ruhida tarbiyalaydi.
– Yoshlar bunday tadbirlarda faol ishtirok etishi orqali huquqiy ongini mustahkamlaydi va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhini shakllantiradi. Shuningdek, ularning amaliy takliflari davlat organlari va mahalliy jamoatchilik tomonidan e’tiborga olinsa, bu jamiyatda korrupsiyani kamaytirishga muhim hissa qo‘shadi, – dedi Dilnoza Umurzoqova.
Tanlov “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Texnikum o‘quvchilari o‘z fikr va qarashlarini erkin bayon qilib, korrupsiya tushunchasi va uning davlat, jamiyat hamda inson hayotiga keltiradigan salbiy oqibatlari haqida chuqur fikr-mulohazalarini taqdim etdilar.
Ishtirokchilar shuningdek korrupsiyaning inson qadri, adolat tamoyillari va mamlakat taraqqiyotiga ta’sirini tahlil qilib, uni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surdilar.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, insholar tanlovi tuman va shahar adliya bo‘limlari tomonidan litsey, texnikum va kollej o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi. Baholash jarayonida mavzuning dolzarbligi, mualliflik huquqiga rioya etilishi, takliflarning amaliyotda qo‘llanish imkoniyati, tanqidiy yondashuv darajasi va imlo xatolariga alohida e’tibor qaratildi.
Eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar viloyat bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya qilindi. Mazkur tadbirlar yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik mas’uliyatini rivojlantirish va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri