Yurak aritmiyasi nimadan kelib chiqadi va bu hayot uchun qanchalik xavfli?
Yurak salomatligi har bir inson hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, yurak aritmiyalari — ya’ni yurak urishining normal ritmda bo‘lmasligi — ko‘plab savollar va xavotirlarni yuzaga keltiradi. Ushbu masalaga oydinlik kiritish va yurak aritmiyasining sabablari, xavflilik darajasi hamda davolash usullari haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida, biz Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, oliy toifali kardiolog Nargiza Sayfiddinovaga murojaat qildik.
Quyida Nargiza Sayfiddinova bilan bo‘lib o‘tgan mazmunli suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.
— Nargiza opa, yurak aritmiyasi qanday holatlarda yuzaga keladi va bu kasallik qanchalik xavfli hisoblanadi?
— Odam organizmidagi boshqa a’zolarga qaraganda, yurak dabdurustdan to‘xtab qolishi, tez urib ketishi yoxud sekinlashishi kabi xavfli jihatlari bilan ajralib turadi. Bemorga aritmiya tashxisi qo‘yildimi, u albatta davolanishi shart. Afsuski, aksariyat insonlar bu masalaga yuzaki qarashadi. Shuni unutmaslik kerakki, kasallik o‘z vaqtida samarali muolaja qilinmasa, o‘ta jiddiy asoratlar, nogironlik hamda kutilmagan o‘lim holatiga olib kelishi ham mumkin.
Aritmiyaning har xil turlari mavjud. Ularning orasida eng ko‘p uchraydiganlari yurakning tez urib ketishi bilan bog‘liq aritmiyalar hamda yurak maromining pasayib ketishi bilan xarakterlanadigan kasallik ko‘rinishlaridir. Har biri hayot sifatining yomonlashishi va salbiy oqibatlarga olib kelishi bilan xavfli sanaladi.
Yurak urishining 90 tadan ortiq bo‘lishi taxikardiya deyilib, uning yurak qorincha usti, yurak qorinchasi taxikardiya turlari mavjud. Yurak qorincha usti bo‘lmachalar taxikardiyasi ham bir qancha turlarga ajratiladi. Deylik yuragingiz normal holatda 70-80 ta urib turib, to‘satdan tezlashib ketadi va 150-160 hatto undan ham tezroq ura boshlaydi. Bu taxikardiyaning to‘satdan yurak urishi bilan namoyon bo‘ladigan xilidir.
Aritmiyaning hilpirovchi turi ham bo‘lib, bunda yurak urish soni palapartish yuz beradi. Bezovtalik to‘satdan boshlanishi yoki doimiy holatga o‘tishi mumkin.
Yurak o‘tkazuvchanlik yo‘lida qo‘shimcha yo‘lning paydo bo‘lishi oqibatida kelib chiqadigan aritmiya. Asosan tug‘ma ko‘rinishda bo‘lsa ham qo‘shimcha yo‘l faollashganidagina bezovtalik kelib chiqadi. Mazkur holat asosan 40 yoshdan oshganlarda ko‘proq kuzatiladi.
— Kasallik qanday alomatlar bilan namoyon bo‘ladi?
— Holsizlik, yuqoriga ko‘tarilganda hansirash, qon bosimining ortishi yoki kamayishida yuz beradigan o‘zgarishlar yurakda qandaydir muammo borligining dastlabki alomatlari bo‘lishi mumkin. Bunga har bir insonning o‘zi doimiy ravishda ahamiyat berishi kerak. Agar ushbu alomatlar tez-tez kuzatilib, yurakda qandaydir o‘zgarishni sezsangiz, albatta shifokorga uchrashishni tavsiya qilaman. Bilib–bilmay tinchlantiruvchi vositalar yoki biror bir dori preparatini qabul qilishdan qochish lozim. Odatda yurak aritmiyasiga tashxis qo‘yishda EKG tahlili, murakkab aritmiyalarda esa 24 soat davomida yurak faoliyatini yozib boruvchi Xolter bo‘yicha EKG tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Har bir kasallikka eng avvalo aniq tashxis qo‘yish juda muhim hisoblanadi. Shuning uchun ham yurakda qandaydir o‘zgarish ro‘y sezildimi, ortga surmasdan darhol mutaxassisga uchrashish zarur. Chunki aritmiyani bemorning psixoemotsional holati va yondosh kasalliklarida uchraydigan alomatlar bilan adashtirib yubormaslik muhim. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, yurak to‘xtab urishi, tomoqda ovqat tiqilganga o‘xshagan hissiyotning yuzaga kelishi, yurak urishi tezlashishi, bosh aylanishi, ko‘z oldi qorong‘ilashishi, hansirash, havo yetishmasligi hissi, holsizlik, toliqish, hushdan ketish va boshqa shu kabi alomatlar har doim ham aritmiya degani emas. Ushbu alomatlar qo‘rquv hissi bo‘lganda ham kuzatilishi mumkin. Somatik (tana) jihatdan sog‘lom, vahima xurujlari, nevrozlar yoki fobiyalardan aziyat chekkan insonlar ham ko‘p hollarda shunga o‘xshash alomatlar bilan shikoyat qilishlari amaliyotda kuzatilgan. Shuning uchun ham o‘z vaqtida tajribali mutaxassisga murojaat qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir.
— Endi kasallikni davosi haqida ikki og‘iz gapirib o‘tsangiz. Siz faoliyat yuritayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida qanday davo choralari qo‘llanilmoqda va u qanchalik samarali?
— Aritmologiya yosh soha hisoblansa-da, jadal rivojlanib bormoqda. 10–15 yil ortga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xastalikka qarshi kurashishda faqat dori- darmonlarga murojaat qilingan, xolos. Ammo preparatlar darddan butunlay forig‘ bo‘lish imkonini bermagan. Xalqaro miqyosda o‘tkazilgan tadqiqotlar xulosasi shuni ko‘rsatadiki, kasallikka chalingan insonlarning 50 foizidan ortig‘i dori vositalarini to‘la-to‘kis o‘z vaqtida qabul qilmaydi. Bu o‘z o‘rnida aritmiyaning surunkali turga o‘tishiga, nogironlik yoki erta o‘lim holatlariga yetaklaydi.
Bugunga kelib, markazimizda aritmiyalarning 90 foizdan ortig‘i intervension jarrohlik amaliyoti yordamida davolanmoqda. Bemor operatsiyadan so‘ng umrbod dori ichishdan xalos bo‘ladi hamda hayot sifati yaxshilanib, salbiy oqibatlarning oldi olinadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jarrohlik muolajasi narkozsiz, ko‘krak qafasini ochmagan holda faqatgina qon tomirlari orqali, mahalliy og‘riqsizlantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
– Oxirgi savolimiz: Agar kutilmaganda yurak urishi tezlashib, aritmiya xuruj qilib qolsa nima qilish kerak?
— Avvalo bunday vaziyatda qulay o‘tirib olish muhim. Keyin tor bichimli kiyimlarni yoqasini hamda qorinni siqib turgan kamarni biroz bo‘shatish kerak. Nafas olish maromini tartibga keltirish uchun ko‘zlarni yumib, biroz tin olishni tavsiya qilaman. To‘g‘ri nafas olishga e’tibor qilish darkor. Agar xuruj o‘tib ketavermasa, tez yordam xizmatiga murojaat qilish zarur.
Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Umidjon Qurbonov, O‘zA