Yevropa kuni: Toshkentda Yevropa Ittifoqi festivali tantanali nishonlandi
Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Yevropa Ittifoqi festivali o‘tkazildi.
Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy mehmonlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar so‘zga chiqib, Yevropa kunining tashkil etilishi va uning hamkorlik, birdamlik hamda umuminsoniy qadriyatlarni ifodalashini ta’kidladi.
Yevropa kuni munosabati bilan tashkil etilgan festival ishtirokchilar uchun chinakam imkoniyatlar maydoniga aylandi. Unda Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonda moliyalashtirilayotgan loyihalarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyihalar gender tenglik va ayollar huquqlarini ilgari surish, fuqarolik jamiyati, “Erasmus+” ta’lim dasturlari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi. Yaqinda Toshkentda o‘z ofisini ochgan Yevropa investitsiya banki faoliyatiga bag‘ishlangan alohida stend ham tashkil etildi.
Elchi Toyvo Klaar qayd etganidek, Yevropa Ittifoqi g‘oyasining 1950-yillarda asos solinishi bugun ham katta ahamiyatga ega tarixiy voqelik sifatida nishonlanmoqda.
– Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston jamoatchiligiga Yevropa Ittifoqining boy madaniy va iqtisodiy salohiyati, uning ko‘p sonli a’zo davlatlari hamda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli faoliyatini namoyish etish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda turli yo‘nalishlarda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, investitsiyalar jalb etish, ta’lim sohasini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Bu jarayonlarda Yevropa investitsiya banki va “Erasmus+” kabi dasturlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantirib, turli sohalarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ushbu tadbir tufayli nafaqat umumiy loyihalar, balki a’zo davlatlar tomonidan olib borilayotgan faoliyatlar ham keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Umuman olganda, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi ishtiroki izchil va faol tus olgan. Bugungi tadbirda ishtirok etayotgan insonlar sonining ko‘pligi esa mazkur hamkorlikka bo‘lgan qiziqish va ishonch yuqori ekanini yaqqol namoyon etmoqda, – dedi Toyvo Klaar.
Shuningdek, festival doirasida viktorinalar va mahorat darslari tashkil etildi. Toshkentdagi Gyote instituti xodimi Sayyora Abdusattorovaning ta’kidlashicha, Yevropa kuni tadbirlari juda qiziqarli va har jihatdan foydali bo‘ldi.
– Bugun Gyote instituti Yevropa kunlari doirasida o‘z imkoniyatlarini keng qamrovda taqdim etdi. Unda Germaniyadagi oliy va kasbiy ta’lim imkoniyatlari, talabalar uchun mavjud grant va stipendiya dasturlari, til o‘rganish kurslari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, “Ausbildung” Germaniyada keng tarqalgan kasbiy tayyorgarlik tizimi bo‘lib, u nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy tajribani ham uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Ushbu tizim yoshlarga ta’lim jarayonidayoq ishlab chiqarish muhitiga moslashish, mutaxassislik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda mehnat bozori talablariga javob beradigan kadr sifatida kamol topish imkonini beradi. Gyote instituti tadbir ishtirokchisi sifatida o‘zining ta’limiy dasturlari, xalqaro hamkorlik loyihalari va xorijda o‘qish imkoniyatlarini yoshlarga namoyish qildi. Bu esa ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ular uchun yangi istiqbol eshiklarini ochib bermoqda, – dedi S.Abdusattorova.
[gallery-29165]
Yevropa kuni munosabati bilan 1-may kuni tashkil etilgan rasmiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA