Yangi Farg‘onaga qo‘yilgan "uch haykal" (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-28-aprel kunlari amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
Quvasoy shahridagi “Crown Ceramic” O‘zbekiston – Xitoy keramogranit plitalari ishlab chiqarish korxonasi, Quva tumanidagi Karkidon suv ombori hududida barpo etilgan sayyohlik markazi, Farg‘ona shahridagi IT Park kabi qator yangidan bunyod etilgan manzillarda bo‘ldi. Mutaxassis va yoshlar bilan fikr almashdi. Viloyat faollari bilan uchrashuvda dolzarb masalalar yuzasidan muloqot qildi.

Tashrif yakunlari keng jamoatchilik o‘rtasida hamon muhokama qilinmoqda.
– Vodiy bo‘ylab poyezd qo‘yilgan ekan. Men shu poyezdda muhtaram Prezidentimiz bilan Qo‘qondan Marg‘ilonga birga bordim, – deydi rishtonlik mehnat faxriysi Tursunxo‘ja Abdurahmonov. – O‘rtada samimiy suhbat bo‘ldi. Mening asosiy maqsadim xalqni rozi qilish, dedilar. Ilmga, muallimga e’tibor haqida qayta-qayta gapirdilar. Bizning fikr va takliflarimizni ham diqqat bilan tingladilar. Unga munosabat bildirdilar. Bu kun hayotimdagi eng unutilmas voqea bo‘lib qoldi.

Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda barcha sohada “sakrash” ro‘y berdi. Buni Farg‘ona viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. Mana atigi bir necha raqam:
so‘nggi yillarda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya hisobiga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga tushirildi. Tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs yo‘naltirildi. Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga o‘sdi. Asosiysi, so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.
Qishloq xo‘jaligida 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Meva- sabzavot eksporti 3 karra o‘sib, 400 million dollarga yetdi.

Aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida birgina 2025-yilda viloyatda 9900 xonadonli 219 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurildi. Uning 23 tasi Ekoshaharda edi.
– Men Prezidentning Farg‘ona viloyatiga qo‘ygan uch haykali haqida gapirmoqchiman, – deydi Tursunxo‘ja Abdurahmonov. – Birinchisi, bu Farg‘onadagi Ekoshahardir. Uning o‘rni toshloq dasht edi. 3-4 yilda 200 ming aholi yashaydigan uy-joy, maktab, shifoxona, keng ko‘chalar, fontanu bog‘lar barpo bo‘ldi. Albatta, bular Prezident topshirig‘i bilan qurilgan. Ammo topshiriqni chin dildan, fidoyilik va vatanparvarlik bilan bajarganlarning mehnatini ham e’tirof etish kerak.
O‘zbekiston dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan yurt. Uning buyuk daholari umuminsoniyat fani va ma’naviyatini yaratishda peshqadam bo‘lgan. Mamlakatning so‘nggi yillardagi tarixi yangi renessansga poydevor bo‘ldi.
– Yaqinda Toshkentda Islom sivilizatsiya markazi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasini borib ko‘rdik. Men ko‘p joylarda bo‘lganman. Ammo bunaqasini ko‘rmagan edim. Hayratda qoldim, – deydi Tursunxo‘ja Abdurahmonov. – Prezident yurtimizdagi ulug‘lar, allomalar nomini sharaflashga, ilmni yuksaltirishga katta e’tibor beryaptilar. Farg‘ona misolida aytsam, bu yerda Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy majmuasi qurildi. Bu zot yaratgan asarlarni islom olami o‘rganadi. Marg‘ilon o‘zi katta bir shahar. Endi Marg‘ilon ichida yana bitta yangi Marg‘ilon paydo bo‘libdi. Me’morchilik qayta tiklanibdi. Bu Prezidentimizning Farg‘onaga qo‘ygan ikkinchi haykallari, deb o‘ylayman.

Marg‘ilonda ochilgan “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy majmuasi milliy qadriyatlar va tariximizni dunyoga namoyon etadigan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Bu yil O‘zbekiston futbol terma jamoasi ilk bor jahon birinchiligida ishtirok etadi. Ammo bunga erishish oson kechmadi. Avvalo, O‘zbekistonda futbol ommaviy sport turiga aylandi.
– Oilamda 4 ta farzand, 12 ta nevara, yana chevaralarim ham bor. Biz futbolga qiziqamiz. Ba’zan o‘zaro bo‘linib futbol o‘ynab turamiz, – deydi Tursunxo‘ja Abdurahmonov. – Qarang, Prezident qishloq xo‘jaligi, sanoat, investitsiya, dunyo siyosati, yoshlar, bandlikni ta’minlashga alohida e’tibor berayotganlarini ko‘rib turibmiz. Shulardan ortib futbolni rivojlantirishni ham muhim masala deb hisoblaydilar.

Ispaniyaga borganimda Barselona stadionida Messi olgan ikkita “Oltin to‘p” ko‘rgazmaga qo‘yilganini ko‘rdim. Va orzu qildim, qachon bizdan messilar chiqar ekan, deb. Mana endi Prezidentning futbolni rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari tufayli O‘zbekiston futboli dunyoga chiqdi. Abduqodir Husanov Angliyada o‘ynayapti. Farg‘onaning “Neftchi” klubini qarang. U o‘tgan yili chempion bo‘ldi. Futbol akademiyasi tashkil etildi Farg‘onada.
“Neftchi”ning chempion bo‘lgani Prezidentning Farg‘onaga qo‘ygan uchinchi haykali, deb hisoblayman.
Tursunxo‘ja Abdurahmonov haq gapni aytdilar. So‘nggi yillarda Yangi Farg‘onaga yangi haykallar o‘rnatildi. Davrlar o‘tar, ular bugunning zalvorli tarixidan guvohlik beruvchi va shu yillarning vatanparvar insonlari faoliyatini aks ettiruvchi obidalar bo‘lib qolaveradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0F3aG6lDc2g" title="Yangi Farg`onaga qo`yilgan "uch haykal"" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video,surat), O‘zA