Yuksak salohiyatli kadrlar yurt taraqqiyotini belgilaydi
Prezidentimiz ulkan o‘zgarishlar maydoniga aylangan Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarini qamrab olgan, umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollarlik 206 ta investitsiya loyihasi boshlanishiga oq yo‘l tiladi.
Ushbu loyihalar shubhasiz, viloyat iqtisodiyoti uchun yangi sahifa ochadi, yuzlab yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi, eksport hajmi ortadi. Eng asosiysi, 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
Albatta, ana shu ulkan quvvatlar, yangi-yangi loyihalar, innovatsion zavodlar o‘z-o‘zidan ishlab ketmaydi. Ularni boshqarish, dunyo bozorida raqobatlasha oladigan mahsulot ishlab chiqarish uchun eng zamonaviy bilimlarga ega muhandislar, texnologlar va mohir mutaxassislar kerak.
Shu bois ham tashrif doirasida sanoatlashuv sur’atlari bilan bir qatorda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, maktab partasidan boshlab yoshlarni kamida ikkita chet tiliga o‘qitish, bitta kasbga o‘rgatish masalasi kun tartibidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Zero, Andijonning bugungi investitsiyaviy yuksalishi o‘z samarasini berishi uchun uning mustahkam ta’limiy va intellektual poydevori shakllantirilishi muhimdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi nafaqat hududning iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi, balki viloyatning eng muhim boyligi — inson qadri va yoshlar kelajagiga qaratilgan strategik vazifalarni belgilab berdi.
Tashrif doirasida taqdim etilgan 206 ta yirik investitsiya loyihasining 2 milliard 50 million dollarlik 98 tasi foydalanishga topshirildi, qiymati 7 milliard 350 million dollar bo‘lgan 108 ta loyihaning qurilishiga start berildi.
Viloyatning barcha 16 ta tuman va shaharlarini qamrab oluvchi ushbu loyihalar kelgusida yurtimiz iqtisodiyotini, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, minglab andijonliklarning doimiy ish o‘rni, daromad manbai bilan ta’minlaydi.
Davlatimiz rahbarining zamonaviy sanoat, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va innovatsion iqtisodiyot o‘z-o‘zidan harakatlanmaydi — uni malakali, raqobatbardosh va chuqur bilimga ega mutaxassislar yuritadi, degan so‘zlaridan kelib chiqib, nafaqat men, balki barcha bosqichdagi viloyat ta’lim tizimining vakillari chuqur bilimga ega, malakali, salohiyatli yetuk mutaxassislar tayyorlashni o‘z oldimizga asosiy maqsad qilib qo‘yamiz va bu yo‘lda bor imkoniyatlarimizni ishga solib mehnat qilamiz.
Muhayyo Ergasheva,
Andijon davlat pedagogika instituti dotsenti,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.