Nukusda xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida Tuzni qayta ishlash asosida kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni forumning ochilishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz tomonidan xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga, Qoraqalpog‘istonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, hududda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro forumda 20 ga yaqin davlatdan 100 dan ortiq investor ishtirok etmoqda.
[gallery-31626]
Qoraqalpog‘istonga investitsiya qilishda qulay tomonlari, birinchidan, geografik joylashuvi va logistik qulayligi, Qoraqalpog‘iston - Turkmaniston, Qozog‘iston davlatlari bilan chegaradosh joylashgani hisoblanadi. Yevropa davlatlariga mahsulotlarni yetkazib berish uchun qulay logistika yo‘llariga, ikkita Xalqaro aeroportga, xalqaro avtomobil va temir yo‘llarga ega. Ikkinchidan, yer ajratish bo‘yicha investitsiya miqdoriga qarab yerlar investorga auksionsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi. Uchinchidan, soliq imtiyozlari, jumladan, barcha soliqlar 50 foizga kamaytirilgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning istalgan joyida ochilgan korxonaga “Erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi” maqomi beriladi.
Yerlarimiz qimmatbaho foydali qazilma boyliklariga ega. Jumladan: oltin, mis, magniy, kobalt, nikel, kvars, bentonit va boshqa mineral xomashyo konlariga ega. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston tuz konlariga juda boy mintaqa hisoblanadi. Masalan, “Barsakelmas” tuz konining umumiy maydoni 110 ming gektarni tashkil etib, bugungi kunda uning atigi 10 ming gektariga yaqin qismi o‘zlashtirilgan.
Ana shunday mineral xomashyo bazasi negizida kimyo sanoati bo‘yicha foydali 14 ta investitsiya loyihasi mavjud bo‘lib, ulardan 19 turdagi kimyoviy tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Ushbu xalqaro forum faoliyati ham shunday chora-tadbirlar natijasi bo‘lib, unda 20 ga yaqin davlatdan 100 dan ortiq investor ishtirok etmoqda.
Forum doirasida hududning mavjud salohiyati, infratuzilma afzalliklari, berilgan imtiyozlar, shuningdek, mineral xomashyo konlari, jumladan, deyarli bitmas-tuganmas zaxiraga ega 110 ming gektarda joylashgan “Barsakelmas” tuz koni imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi va B2B shaklidagi uchrashuvlar o‘tkazilib, unda istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Kunning ikkinchi yarimida tadbir ishtirokchilari “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasida, Xalqaro logistika markazida, “Barsakelmas” tuz konida hamda “Kungrad Salt Free Zone” sanoat zonasiga tashrif buyurdi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA