Yoshlik bolalarni chorlaydi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganidan buyon Farg‘ona viloyatida 138 zamonaviy sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi, barcha zarur sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suzish bola salomatligini mustahkamlash, uning jismonan baquvvat va ko‘rkam bo‘lib ulg‘ayishida alohida ahamiyatga ega. Suv sporti ko‘p xastaliklarning oldini olish va asoratlarini davolash, tanada qon aylanishi va mushaklar faoliyatini yaxshilash, asab tizimi, nafas yo‘llari kasalliklari profilaktikasida muhim omildir.
Suzish bilan shug‘ullanish bolaning suyak to‘qimalari o‘sishi va mustahkamlanishiga sharoit yaratib, immun tizimi, uyqu va ishtaha yaxshilanishi, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishida qo‘l keladi.
Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirish, uni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida sportchilarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak marralarni qo‘lga kiritib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilganidan buyon Farg‘ona viloyatida 138 zamonaviy sport inshooti qurilib, foydalanishga topshirildi, barcha zarur sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlandi.
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan shahar va tumanlarda 9 suzish havzasi qurildi va rekonstruksiya qilindi. Ayniqsa, viloyat markazida bunyod etilgan yopiq suzish havzasi farg‘onalik yoshlar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Buning samarasida keyingi yillarda boshqa sport turlari qatori suzish bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi ham tobora kengaymoqda.
Marg‘ilon shahridagi “Yoshlik” suv sporti maktabi yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Bu yerda 200 ga yaqin tarbiyalanuvchi suzish bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Bolalar yetti yoshdan qabul qilinadigan maktabda to‘rt bosqichli mashg‘ulotlar orqali suzish sirlari o‘rgatilmoqda.
Keyingi yillarda Marg‘ilon shahrining 2000-yillik yubileyi arafasida bunyod etilgan mazkur majmua faoliyatida bir oz susayish holati kuzatilgan edi. Shahar va atrof tumanlardagi suv sportiga qiziquvchi yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida maktab shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufiga o‘tkazildi. Majmua to‘la quvvat bilan ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratildi.
– Yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda sportning o‘rni beqiyos, – deydi maktab direktori Kamoliddin Akbarov. – Suzish bilan shug‘ullanish istagini bildirayotgan yoshlar safi tobora kengayib borayotgani quvonarlidir. Yozgi ta’til davrida o‘quvchilarni yanada ko‘proq jalb etish maqsadida aniq tadbirlar belgilab olganmiz. Maqsadimiz, bolalar va qizlar o‘rtasida suzishni yanada ommalashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilishdir.
Mazkur maktabda suzish sportini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘g‘il-qizlarni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularning nufuzli xalqaro musobaqalarda o‘z iqtidorini keng namoyon etishiga xizmat qilayotir.