Yoshlarning loyihalari ishlab chiqarishga
Jizzaxda o‘tkazilayotgan “Milliy sanoat zanjiri” milliy ko‘rgazmasida namoyish etilayotgan loyihalar orasida yoshlarning innovatsion g‘oyalarini real ishlab chiqarish bilan bog‘lashga qaratilgan ishlanmalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ko‘rgazmaning “Startaplar va innovatsiyalar” zonasida tashkil etilgan pitch-sessiyada Jizzax politexnika instituti talabalari avtomobilsozlik sohasi uchun ishlab chiqilgan loyihalarini tadbirkorlar va sanoat korxonalari vakillariga taqdim etdi. Unda 40 dan ortiq tadbirkor, jumladan, “BYD Uzbekistan Factory” MCHJ hamda “ADM Jizzakh” MCHJ vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotlar orasida Jizzax politexnika instituti qoshidagi Avtomobilsozlik muhandislik maktabida ishlab chiqilayotgan yangi loyiha e’tiborni tortdi. U avtomobil akkumulyatorlarining xizmat muddati tugaganidan keyin ularni shunchaki chiqindiga aylantirib yubormasdan, qayta tiklash va foydalanish imkonini beradi.


Loyihaga ko‘ra, ma’lum muddat ishlatilgan akkumulyator batareyalari maxsus tekshiruv va ta’mirlashdan o‘tkaziladi. Yaroqli holatga keltirilgan batareyalar quyosh panellari yordamida quvvatlanib, qayta foydalanishga tayyorlanadi. Qayta tiklashning imkoni bo‘lmagan akkumulyatorlar esa yangisiga almashtiriladi.
– Bugun avtomobilsozlikda elektr energiyasi bilan bog‘liq texnologiyalar jadal rivojlanyapti. Shu bilan birga, akkumulyatorlarning xizmat muddati masalasi ham dolzarb. Biz taklif etayotgan loyiha ana shu ehtiyojdan kelib chiqqan. Ya’ni ishdan chiqqan akkumulyatorni shunchaki almashtirish emas, avvalo uni qayta tiklash imkoniyatini o‘rganish, yaroqli qismlaridan samarali foydalanish va qayta ishga tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan, – deydi Jizzax muhandislik maktabi direktori o‘rinbosari Sunnatilla Saidov.


Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunday yondashuv nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirish, balki resurslardan oqilona foydalanish va ekologik yuklamani kamaytirish nuqtai nazaridan ham muhim. Kelgusida loyiha doirasida akkumulyatorlarni ta’mirlash va qayta tiklash punktlarini boshqa viloyatlarda ham tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bu tashabbusning ahamiyatini Jizzax politexnika institutida yaratilgan muhit bilan ham bog‘lash mumkin. 2025-yil 2-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi davomida institut qoshidagi Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishgan edi. Bu yerda “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan hamkorlikda transport sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Muhandislik maktabida elektromobil va quvvatlash stansiyalari, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan maxsus xonalar ham tashkil etilgan.


E’tiborlisi, kechagi ta’lim jarayoni bugun aniq mahsulot va xizmatga aylanayotgani ana shu loyihada yaqqol ko‘rinadi. Talaba va yosh muhandislarning g‘oyasi korxona vakillari oldida taqdim etilmoqda, muammoga yechim beradigan ishlanmalar esa sanoat ehtiyojlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanmoqda.
Pitch-sessiyada namoyish etilgan boshqa loyihalar ham avtomobilsozlik sohasining dolzarb vazifalariga qaratilgan. Korxona vakillari yosh startapchilarning ishlanmalari bilan tanishib, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Bu esa “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasida ta’lim, innovatsiya va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy ko‘rinishlaridan biri bo‘lmoqda.
Zero, sanoat zanjiri faqat tayyor mahsulotdan boshlanmaydi. Uning dastlabki bo‘g‘ini – g‘oya. Bu g‘oyani bilim, muhandislik mahorati va ishlab chiqarish ehtiyoji bilan birlashtira olgandagina yangi texnologiya va yangi mahsulot paydo bo‘ladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri