Yoshlarning huquqiy bilimini oshirish yo‘lida yangi hamkorlik
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish, ularda qonunga hurmat, fuqarolik mas’uliyati va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.

Qayd etilganidek, memorandum doirasida endilikda yoshlar uchun ochiq darslar, treninglar va huquqiy maslahatlar tashkil etish, ularni sud-huquq sohasi hamda yuridik kasblarga yo‘naltirish, huquqiy debatlar, sud jarayoni imitatsiyalari, olimpiada va tanlovlar o‘tkazish, huquqbuzarlik, zo‘ravonlik, kiberbulling va onlayn firibgarlikning oldini olish rajalashtirilmoqda.

Shuningdek, yosh olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy ishlari hamda ijtimoiy-huquqiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, huquqiy qo‘llanmalar, videodarslar, podkastlar va onlayn kurslar yaratish ko‘zda tutilgan.

Akademiyaning yuridik klinikasi imkoniyatlaridan foydalangan holda yoshlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga birlamchi bepul huquqiy maslahat va zarur axborotlar taqdim etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA