Yoshlarning ekologik bilimlari “Zakovat”da sinaldi
Samarqandda “Eko-zakovat” xalqaro intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Unda yoshlar atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hayvonlar hamda o‘simliklarni saqlash va boshqa sohaga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
“Eko-zakovat”ning birinchi bosqichida mamlakatimiz jamoalari o‘zaro bellashdi. Murosasiz bellashuv yakunida Surxondaryo viloyati jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, intellektual o‘yinining xalqaro bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Ozarbayjondan kelgan jamoalar hamda yurtimiz vakillari xalqaro intellektual o‘yin g‘olibligi uchun bahs olib bordi. Yakunda yurtimiz yoshlari tengdoshlaridan ko‘ra ekologiya bo‘yicha bilimliroq ekanligini namoyish etdi. Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston yoshlari, uchinchi o‘rinni Qirg‘iz Respublikasi vakillari qo‘lga kiritdi.
[gallery-29866]
- Bugungi kunda dunyo miqyosidagi eng dolzarb muammo hech shubhasiz ekologiya bilan bog‘liq, - deydi Termiz davlat universiteti talabasi Abdulaziz Hasanov. – “Eko-zakovat” intellektual o‘yini xalqaro miqyosda yosh avlodni ekologik muammolar yechimiga diqqatini tortishga qaratilgan. Bu orqali ekologik madaniyatni yuksaltirib, bugungi muammoli ekologik vaziyatlarga ijobiy yechim topish borasida birlashish, faollikni oshirish asosiy maqsad qilingan. Mamlakat miqyosidagi “Eko-zakovat”ni yutib, xalqaro bosqichda ham munosib ishtirok etdik. Qozog‘iston va Qirg‘iz respublikalaridan kelgan tengdoshlarimiz bilan ekobilim borasida qizg‘in raqobatlashdik. Bu yerda g‘oliblikning ahamiyati yo‘q. Muhimi, xorijlik tengdoshlarimiz bilan ekologiya borasidagi fikr va tashabbuslarimiz birdamligini ta’minladik. Bu kelgusida mintaqadagi mavjud ekologik muammolarga birgalikda yechim topishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Biz shundagina haqiqiy g‘olibga aylanamiz. Bu yo‘lda, albatta, hamjihatlik alohida ahamiyatga ega.
“Eko-zakovat” yoshlarning atrof-muhitni asrash borasidagi bilimlarini yanada mustahkamlab, mahalliy va xorijlik ekofaollar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ekologik xabardorlikni oshirish hamda ekomadaniyatni yuksaltirishga xizmat qildi.
- Ushbu o‘yinda ishtirok etganimdan mamnunman, - deydi ozarbayjonlik ishtirokchi Asiya Asqarova. – Ekologik bilimlar bahsi juda ham qiziqarli o‘tdi. Xalqaro miqyosdagi ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq savollar kishini jiddiy o‘yga toldiradi. Bularni bugun hal etmasak, ertaga insoniyat qanday muammolarga duch keladi, degan savol har bir yoshni faollik undashi zarur. Men o‘yinning mohiyatini mana shunday tushundim. O‘ylaymanki, bu tadbir, albatta, o‘z natijasini beradi. Va insoniyatning tabiatga bo‘lgan munosabati o‘zgarib, ona tabiat asliga qaytadi.
“Eko-zakovat” xalqaro intellektual o‘yini ishtirokchilari uchun Imom Buxoriy, Shohi Zinda, Hazrati Xizr majmualari va Xo‘ja Doniyor maqbarasiga sayohat tashkil etildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari