O‘zbekiston va Saudiya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon Al-Jalojil boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida 50 nafardan ortiq vakil, jumladan O‘zbekiston – Saudiya ishbilarmonlar kengashi hamraisi Muhammad Abunayyan ham bor.
Tashrif doirasida mamlakatimiz Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirokida uchrashuv hamda ikki mamlakat sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorligi istiqboliga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Prezident Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Tamila Aliyeva, Sog‘liqni saqlash, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Raqamli texnologiyalar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda boshqa idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokarada keyingi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil mustahkamlanayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonga 2022-yil Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiyaga davlat tashrifi, 2023-yil o‘tkazilgan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammiti hamda 2024-yil Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti sammiti doirasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar muhim turtki bergani e’tirof etildi.
[gallery-30574]
Tomonlar sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish, tibbiy xodimlar tayyorlash, sohaga raqamli yechim va zamonaviy texnologiyani joriy etish, xususiy sektor hamda farmatsevtika sohasida sarmoyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar.
Davra suhbati chog‘ida ayni payt amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan qator yirik loyihalar yuzasidan ham axborot berildi. Xususan, “Vision International Investment Company” ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida Farg‘ona viloyatida 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish rejasi taqdim etildi.
Kelishuvga muvofiq, xalqaro standartga javob beradigan tibbiyot muassasasi loyihasini moliyalashtirish, barpo etish, jihozlash va uzoq muddatli texnik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladi. Umumiy investitsiya miqdori qariyb 300 million dollarni tashkil etadi. Qurilishni 36 oyda yakunlash rejalashtirilgan. Mazkur shifo maskani Markaziy Osiyoda davlat-xususiy sheriklik modeli asosida barpo etilayotgan eng yirik sog‘liqni saqlash ob’ektlaridan biri bo‘lishi kutilyapti.
Yangi tibbiyot majmuasi Farg‘onadagi beshta ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasini birlashtiradi. Shu tariqa viloyatga tutash hududlar aholisi uchun yurak jarrohligi, neyro jarrohlik, tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya), nefrologiya hamda ortopediya kabi yo‘nalishlarda uchinchi darajali yuqori texnologiyali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. Muassasa tarkibida 160 o‘rinli tezkor terapiya va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari hamda zarur yordamchi klinik xizmat tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Muloqot davomida mazkur shifoxona negizida tibbiyot va o‘quv markazlari, mehmonxonani ham o‘z ichiga olgan “Fergana Plus” tibbiyot shaharchasi barpo etish rejasi haqida ham so‘z bordi. Shuningdek, “Jamjoom Pharm” va “Sudair Pharma” kompaniyalari bilan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish, “SEHA Virtual Hospital” bilan virtual shifoxona va teletibbiyot tizimini rivojlantirish, “Lean Business Services” bilan raqamli tibbiyot hamda sun’iy intellekt yechimini joriy etish, “Health Holding” ishtirokida tibbiyot muassasalarini samarali boshqarish, “NUPCO” ko‘magida markazlashgan xarid va logistika tizimini takomillashtirish, shuningdek Saudiya Milliy tibbiy sug‘urta markazi yordamida tibbiy sug‘urta mexanizmini rivojlantirish mavzulari ham ko‘tarildi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan yana qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA