Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash — dolzarb vazifa
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi hamda quyi palata huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Tashmatov, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya va Yoshlar parlamenti a’zolari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni rahbarligida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligini yuksaltirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar o‘rtasida mazkur sohaga qiziqishni uyg‘otish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yigit-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Bu borada Milliy gvardiya va Yoshlar parlamenti o‘rtasidagi hamkorlik yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlarini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqarolik mas’uliyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.

Uchrashuvda yoshlar bilan ishlashda ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zaro almashish, ularning fuqarolik mas’uliyati hamda ijtimoiy faolligini oshirish, istiqbolli tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlarini oshirish, ularning jamoat hayotidagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, turli ma’naviy-ma’rifiy, ta’limiy va ijtimoiy loyihalarni hamkorlikda tashkil etish kabi vazifalar o‘z aksini topgan.
M.Komilova, O‘zA