Yoshlarni narkojinoyatlardan asrash — kelajakni asrash
Bugun giyohvandlik va narkojinoyatchilik nafaqat inson salomatligiga, balki jamiyat xavfsizligi, oila barqarorligi va yosh avlod kelajagiga jiddiy tahdid solayotgan muammolardan biridir.
Ayniqsa, yoshlarning giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolishi ularning ta’lim olishi, kasb egallashi, jamiyatda munosib o‘rin topishi va sog‘lom hayot kechirishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi.
Giyohvandlikning oqibati bir inson taqdiri bilan cheklanmaydi. U oilaga kirib boradi. Yaqinlar o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazadi. Yoshlarning orzu-maqsadlarini barbod qiladi. Eng achinarlisi, giyohvandlik ba’zan narkojinoyatlarga olib boruvchi xavfli yo‘lning boshlanishiga aylanadi.
Shu bois mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni giyohvandlik balosidan asrashga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Hujjatda aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik illatidan himoya qilish, uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish, eng muhimi, voyaga yetmaganlar va yoshlar kelajagini giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalardan har tomonlama asrash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Farmonda ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalar orasida psixofaol moddalar tarqalishiga butunlay chek qo‘yish, yoshlarda giyohvandlik illatiga murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan profilaktik choralarni kompleks amalga oshirish vazifasi ham belgilangan.

Aynan shu vazifalar ijrosi nuqtai nazaridan Oliy Majlis Senatining 2026-yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq, avgust oyida Toshkent shahrida yoshlar hamda xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop va boshqa kuchli ta’sir qiluvchi moddalar iste’moli, ularning tarqalish sabablari hamda profilaktika ishlarining samaradorligini o‘rganish belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Bahodir Boborajabov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida universitetda yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda boshqa kuchli ta’sir qiluvchi moddalar iste’molining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA