“Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri o‘tkazildi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Shumanay tumanida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Shumanay tumani Kengashlari mas’ul xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi Shumanay tumani bo‘limi vakillari, partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari, partiya faollari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mustaqillik bayrami arafasida tashkil etilgan turnirdan asosiy maqsad yoshlarning siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirish, ularning siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini rag‘batlantirish, shuningdek, bilim va intellektual salohiyatini namoyon etishlari uchun imkoniyat yaratishdan iboratdir.

Bellashuv ikkita shart asosida o‘tkazildi. “Tezkor savol-javob” shartida ishtirokchilar davlat boshqaruvi, siyosiy jarayonlar va jamiyat hayotiga oid savollarga tezkor va aniq javob berish orqali o‘z bilim va zukkoligini namoyish etdi. “Mulohaza va mantiqiy tahlil” shartida esa jamoa sardorlari tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan savollardan birini tanlab, jamoa a’zolari bilan birgalikda javob berdi. Ushbu shartda ishtirokchilarning tahliliy fikrlashi, jamoaviy ishlash qobiliyati va o‘z fikrini asoslab berish mahorati sinovdan o‘tkazildi.

Yuqori saviyada o‘tkazilgan intellektual turnir yakunlariga ko‘ra g‘oliblar aniqlanib, “Birlashgan ittifoq” jamoasi birinchi, 33-maktab jamoasi ikkinchi, “Liderlar” jamoasi uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining maxsus diplomlari hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida partiya safiga yangi qabul qilingan yoshlarga partiya a’zolik guvohnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday intellektual tadbirlar yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ularni jamoat va siyosiy hayotda faol ishtirok etishga rag‘batlantirish hamda liderlik salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qilishi qayd etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri