Termizda aholi uchun kadastr xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengaydi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi Davlat xizmatlari markazida aholiga kadastr xizmatlaridan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida “Kadastr maslahat burchagi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tashabbus orqali fuqarolar kadastr sohasiga oid davlat xizmatlari bo‘yicha mutaxassislardan bepul maslahat va amaliy ko‘mak olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
[gallery-30997]
Xususan, murojaatchilarga ko‘chmas mulk va yer uchastkalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, mulkiy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, elektron davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarning murojaatlariga joyida huquqiy va amaliy yechimlar taklif qilinib, hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish hamda davlat xizmatlaridan tezkor va samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar berilyapti.
Ta’kidlanganidek, “Kadastr maslahat burchagi” aholi uchun kadastr xizmatlarining ochiqligi va qulayligini oshirish, ularning vaqtini tejash, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish hamda davlat xizmatlaridan foydalanish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA