Yoshlarimiz Osiyo chempionatida qatnashadi
O‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 2016-yili Bahraynda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga yo‘llanma oldi.
O‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 2016-yili Bahraynda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga yo‘llanma oldi.“A” guruhidan joy olgan futbolchilarimiz Bangladeshda o‘tkazilgan saralash bosqichida Butan, Shri-Lanka va Bangladesh yoshlar terma jamoalari bilan bahslashdi.
Saralash bosqichining birinchi turida futbolchilarimiz butanlik tengdoshlarini yirik – 7:0, ikkinchi uchrashuvda Shri-Lanka terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Guruhdagi so‘nggi uchrashuvni mezbonlarga qarshi o‘tkazgan Jasur Abduraimov shogirdlari 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinning dastlabki daqiqalaridan hujumga e’tibor qaratgan futbolchilarimiz 2-daqiqada hisobni ochdi. Golga Doston Ibrohimov mualliflik qildi. 62-daqiqada Dostonning o‘zi yana raqib darvozasiga aniq zarba yo‘llab, hisobni 2:0 ga yetkazdi. 79-daqiqada Bobur Abduholiqov, uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda Suhrob Nurulloyev bangladeshliklar darvozasiga bittadan to‘p kiritib, terma jamoamizning g‘alabasini ta’minladi.
Barcha uchrashuvlarda yirik hisobda g‘alaba qozongan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari 9 ochko bilan “A” guruhida birinchi o‘rinni egallab, 2016-yili Bahraynda o‘tkaziladigan o‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.