Yoshlarga xorijda o‘qish imkoniyatlari taqdim etildi
Sirdaryo viloyatida «El-yurt umidi» jamg‘armasi kunlari doirasida yoshlarning xorijda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish maqsadida uchrashuvlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarni dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishga rag‘batlantirish, ularning ilg‘or bilim va tajriba orttirishi hamda kelgusida egallagan salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga yo‘naltirishi uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Uchrashuvlar Guliston shahridagi Viloyat yoshlar markazi, Prezident maktabi hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida o‘tkazildi. Shuningdek, viloyatning boshqa tuman va shaharlaridagi yoshlar Zoom platformasi orqali tashkil etilgan muloqotlarda onlayn ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbirlarda «El-yurt umidi» jamg‘armasi vakillari, ta’lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilari, talabalar, umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari, yoshlar yetakchilari, davlat xizmatchilari hamda jamg‘arma stipendiatlari qatnashishdi. Muloqotlarda yoshlarning xorijda ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, xalqaro stipendiya dasturlari haqida ma’lumot berish va kelgusi kasbiy faoliyatini rejalashtirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda farmonda belgilangan vazifalar, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va xorijda ta’lim olish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Jamg‘arma mas’ul xodimlari ochiq stipendiya tanlovlarida ishtirok etish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, tanlov bosqichlari hamda hujjatlarni tayyorlash jarayonlarini tushuntirdi. Shuningdek, xorijda tahsil olish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rish, xorijiy tillarni o‘rganish va zarur bilim hamda ko‘nikmalarni egallash muhimligi ta’kidlandi.
[gallery-31866]
— Bizning asosiy maqsadimiz — iqtidorli yoshlarga o‘z salohiyatlarini namoyon etish, dunyoning yetakchi ta’lim muassasalarida bilim olish va xalqaro tajriba orttirish uchun keng imkoniyatlar yaratishdir. Yoshlar qayerda yashashi yoki qanday ijtimoiy sharoitda ulg‘ayishidan qat’i nazar, o‘z bilimi va intilishi bilan nufuzli stipendiyalarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega ekanini anglashi muhim. Xorijda egallangan bilim va tajriba kelgusida mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim, — dedi «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktorining birinchi o‘rinbosari Davron Abdurashidov.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida o‘tkazilgan uchrashuvda ham talabalarning xalqaro ta’lim dasturlariga qiziqishini oshirish, ularni yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashga rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi. Jamg‘arma vakillari bilan muloqot talabalarga xorijda ta’lim olish imkoniyatlari, stipendiya tanlovlarida ishtirok etish shartlari va kelgusida malakali mutaxassis bo‘lib yetishish yo‘llari haqida ma’lumot olish imkonini berdi.
— Bunday uchrashuvlar talabalar uchun muhim tajriba maydoni hisoblanadi. Ular orqali yoshlar «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyati, ochiq stipendiya tanlovlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar bilan yaqindan tanishadi. Bu esa ularni o‘z ustida ishlashga, xorijiy tillarni puxta o‘rganishga va zamonaviy bilimlarni egallashga undaydi. Eng muhimi, xorijda olingan sifatli ta’lim va ilg‘or tajriba kelgusida yurtimiz ravnaqiga xizmat qilishi kerak, — deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G‘iyos Doniyorov.
Uchrashuvlarda xorijda ta’lim olish nafaqat nufuzli universitetlarda tahsil ko‘rish, balki dunyoqarashni kengaytirish, zamonaviy ilmiy va amaliy yondashuvlarni o‘zlashtirish hamda xalqaro tajriba orttirish imkoniyati ekani qayd etildi. Shuningdek, stipendiatlarning o‘qishni tamomlagandan so‘ng O‘zbekistonda munosib ishga joylashishi, kasbiy salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishi va Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatida ta’lim imkoniyatlaridan teng foydalanish tamoyili muhim o‘rin tutadi. Shu bois tadbirlarga maktab o‘quvchilari va talabalar bilan bir qatorda, xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda yosh davlat xizmatchilari ham jalb etildi. Bu esa yoshlarning ijtimoiy sharoitidan qat’i nazar, o‘z qobiliyati va bilimi orqali yuksak maqsadlarga erishishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018–2025-yillarda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali 2 ming 300 nafarga yaqin yurtdoshimiz xorijda ta’lim olish va xalqaro tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Ularning 1 ming 300 nafari bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olish uchun 40 ga yaqin davlatga yuborilgan. Keltirilgan ma’lumotlarga muvofiq, 630 nafar stipendiat xorijda o‘qishni davom ettirayotgan bo‘lsa, 1 ming 600 nafardan ziyodi O‘zbekistonga qaytib, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, muhandislik, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, tibbiyot va ilm-fan sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, 2025-yil 5-maydagi Prezident farmoni talablari asosida 2025–2026-yillarda o‘tkazilgan ochiq stipendiya tanlovlarida 447 nafar yosh O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. Ularning 332 nafari bakalavriat, 100 nafari magistratura, 15 nafari esa doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Stipendiatlarning 30 foizini xotin-qizlar tashkil etgani ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. G‘oliblarning 80 foizi dunyoning TOP-100 universitetlariga qabul qilingan.
— «El-yurt umidi» jamg‘armasi kunlari doirasidagi tadbirlar yoshlarning xorijda ta’lim olish imkoniyatlari haqidagi xabardorligini oshirish, ularni yangi maqsadlar sari ruhlantirish va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan bilimli, tashabbuskor hamda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashishga qaratilgan. Bunday uchrashuvlar yoshlarga o‘z kelajagini rejalashtirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va yuksak maqsadlar sari intilishda muhim turtki beradi, — deydi jamg‘armaning Raqamlashtirish va axborot-tahlil boshqarmasi bosh inspektori Qahramon Bektemirov.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi kunlari doirasidagi tadbirlar 15-oktabrga qadar respublika bo‘ylab davom etadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA