Poraxo‘rlikka murosasiz munosabat
G‘ijduvonda shifokor 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ushlandi.
Inson hayoti, salomatligi va kelajagi bilan bog‘liq har qanday masalada ishonch eng muhim mezondir. Ayniqsa, shifokorga murojaat qilgan odam uning faqat kasbiy mahoratigagina emas, halolligi, vijdoni va mas’uliyatiga ham suyanadi. Zero, tibbiyot xodimining vazifasi nafaqat bemorni davolash, balki qonun va kasb etikasiga qat’iy amal qilgan holda fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Ana shu ishonchga putur yetkazadigan har qanday noqonuniy harakat esa jamiyatda jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida aniqlangan holat ham bu boradagi ogohlikni yana bir bor oshiradi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning G‘ijduvon tumani bo‘limi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda oilaviy poliklinika shifokori U.S. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, shifokor poliklikaning yuqori lavozimlarida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro Sh.R.ga o‘qish joyidan akademik ta’til olishi uchun tibbiy ma’lumotnoma tayyorlab berishni va’da qilgan. Bu xizmat evaziga u 500 AQSH dollari talab qilgan va pulni olayotgan vaqtda tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda. Holatning barcha tafsilotlariga huquqiy baho tergov natijalari va qonun talablari asosida beriladi.
Bu voqeaga shunchaki 500 dollar bilan bog‘liq holat sifatida qarash to‘g‘ri emas. Masalaning mohiyati ancha chuqur. Gap tibbiy hujjatning qonuniy tartibda rasmiylashtirilishi, fuqaroning ta’lim olish jarayoni va eng muhimi, davlat muassasalariga bo‘lgan ishonch haqida ketmoqda.

Agar biror hujjat qonuniy asoslar va belgilangan tartiblarga muvofiq emas, balki pul yoki tanish-bilishchilik vositasida hal qilinishi mumkin degan tasavvur shakllansa, bu nafaqat muayyan idora obro‘siga, balki butun tizimga nisbatan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday yondashuv qonunga amal qilayotgan fuqarolarning haqli e’tirozini keltirib chiqarishi, halol mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining ham obro‘siga soya solishi mumkin.
Akademik ta’til — ta’lim jarayonida qonunchilikda belgilangan asoslar bo‘yicha hal etiladigan masala. Uni rasmiylashtirish uchun tibbiy hujjat talab etilsa, bunday hujjat haqiqiy tibbiy holat, vakolat va belgilangan tartiblarga muvofiq rasmiylashtirilishi shart. Uning pul evaziga “hal qilib berilishi” haqidagi har qanday va’da esa qonuniylik va adolat tamoyillariga zid bo‘lishi mumkin.
Shu bois bu kabi holatlarning oldini olishda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor harakatlari, balki muassasa ichidagi nazorat, shaffof ish yuritish, fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish va xodimlarning shaxsiy mas’uliyati ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat idoralari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi islohotlarning hayotdagi natijasi esa har bir muassasada qonunga amal qilinishi, mansab va vakolatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi bilan o‘lchanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat jinoyat sodir etilganidan keyin chora ko‘rish bilangina cheklanmaydi. Uning ildizlarini bartaraf etish, aholida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, har bir xodimda halollik va daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash ham zarur. Fuqaro o‘z muammosini hal qilish uchun noqonuniy yo‘l izlashga majbur bo‘lmasligi, davlat xizmatlari va tibbiy hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni esa tushunarli, adolatli va nazorat qilinadigan bo‘lishi kerak.
Shifokorlik kasbi esa alohida ma’naviy mas’uliyatni talab etadi. Chunki tibbiyot xodimiga berilgan vakolat — ishonchdir. Bu ishonchdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga urinish, agar tergov jarayonida tasdiqlansa, nafaqat huquqiy, balki axloqiy jihatdan ham jiddiy baholanishi lozim.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri