Yoshlar taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi
Yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish, bandligini ta’minlash hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi.
Unda Guliston harbiy prokurori, polkovnik Farrux Jo‘mayev, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Nizomiddin Abduvaliyev, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Nodir Salimjonov hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati harbiy bo‘lim boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov ishtirok etdi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va iqtidorini ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi. Yoshlarning fikr va takliflarini tinglash, tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish hamda mavjud muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish muhimligi ta’kidlandi.


Uchrashuvda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va giyohvandlikning oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Profilaktik suhbatlar davomida giyohvandlikning salbiy oqibatlari, qonunbuzilishlarning javobgarligi, sog‘lom turmush tarziga amal qilish va huquqiy savodxonlikni oshirish yuzasidan tushuntirishlar berildi.


— Bugungi uchrashuvda yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, huquqbuzarlik va giyohvandlikning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunday muloqotlar yoshlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va kelajakka ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati harbiy bo‘lim boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov.

Bugun yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot ularning ehtiyoj va intilishlarini chuqurroq o‘rganish, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash imkonini berdi.
G‘ulom Primov,O‘zA muxbiri