Yoshlar — Yangi O‘zbekistonning kuchli tayanchi
Buxoroda yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar, harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvlar va mahalladagi manzilli ishlar yosh avlodning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda kelajagiga daxldor masalalarni birgalikda hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Davlat rahbari tashabbusi bilan yosh avlodning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi, eng muhimi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Zero, yoshlarga berilgan e’tibor — bugungi kunga emas, mamlakatning ertangi taqdiriga kiritilgan eng katta sarmoyadir.
Buxoroda ana shu ezgu maqsadlar mujassam bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston — Vatan himoyachilari bilan faxrlanadi” mavzusida mazmunli uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi L. Aslonova, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlar, viloyatdagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda yosh harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.
Samimiy muloqot davomida mamlakatimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yoshlarning o‘rni, Vatanga sadoqat, fuqarolik burchi va harbiy xizmatning sharafli hamda mas’uliyatli vazifa ekani haqida fikr almashildi.
Harbiy libos kiygan yoshlarning nigohidagi qat’iyat, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi va yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilishga bo‘lgan intilish uchrashuvning ruhini yanada ko‘tardi.
Chunki Vatan himoyasi — oddiy kasb emas. Bu yurtga sadoqat, xalqqa xizmat va muqaddas burchdir.
Buxoro shahridagi Yoshlar markazida esa viloyatning faol yoshlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi faolligini yanada oshirish, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, hududlarda yoshlarni qiynayotgan masalalarni o‘rganish hamda ularga amaliy yechim topish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotning eng muhim jihati — yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, mavjud muammolar, yangi g‘oya va takliflarini ochiq-oydin bayon etish imkoniga ega bo‘ldi.
Zero, yoshlarni eshitish — ularga e’tibor berishning birinchi qadami. Ularning fikrini inobatga olish esa jamiyat taraqqiyotiga yoshlarning bevosita hissasini oshiradi.
Bildirilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashilib, ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar doirasida navbatdagi manzil Buxoro shahridagi “Yoshlik” mahallasi bo‘ldi.
Bu yerda yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Mahalla yoshlar yetakchisi tomonidan hududdagi yoshlar bilan manzilli ishlash tizimi, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunar va tadbirkorlikka yo‘naltirish, muammolarini aniqlash va hal etish, shuningdek, istiqbolli g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ayniqsa, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun yoshlar bilan ishlash faqat ularning muammosini hal etish bilan cheklanmayapti. Asosiy maqsad — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun imkoniyat yaratish, ularni qaror qabul qilish jarayonlariga jalb etish, tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishdir.
Davlat rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning zamirida ham ana shu maqsad — Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan, bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va mas’uliyatli avlodni tarbiyalash g‘oyasi mujassam.
Buxorodagi uchrashuvlar esa bu siyosatning hayotdagi amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Zero, bugun o‘z fikri eshitilayotgan, g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanayotgan, muammosiga yechim topilayotgan yosh ertaga yurt taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Vatanni sevish — uning kelajagiga daxldor bo‘lishdan boshlanadi. Bugungi yoshlar ana shu buyuk mas’uliyatni anglab, bilim va g‘ayrati, sadoqati va jasorati bilan Yangi O‘zbekistonning yangi tarixini yaratishga qodir avloddir.
Shu ma’noda, yoshlarga ishonch bildirish — kelajakka ishonch bildirishdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri