Yoshlar va ayollar - Qoraqalpog‘istonda turizmning doimiy elchilari
Nukusda Yevropa Ittifoqi, Konrad Adenauer jamg‘armasi va “Yuksalish” harakati ko‘magida “DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Yoshlar va ayollar – Qoraqalpog‘istonda turizmning doimiy elchilari” loyihasining yakuniy ommaviy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat organlari, turizm sohasi tadbirkorlari, nodavlat va notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati, Turizm boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi vakillari turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik kompaniyalari va sayyohlik yo‘nalishlari faoliyatini takomillashtirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Turizm biznesi, nodavlat va notijorat tashkilotlari vakillari ham o‘z taklif va loyiha natijalari bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.
Loyihaning muhim natijalaridan biri Qoraqalpog‘istonning turli tumanlari va Nukus shahridan arizalar asosida tanlab olingan 33 nafar kishi ishtirok etgan o‘quv treninglarining o‘tkazilishi bo‘ldi. Treninglar davomida ishtirokchilar barqaror turizm sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirdilar, shuningdek, o‘zlarining tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
[gallery-31240]
Loyiha doirasida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. 18 nafar ishtirokchi o‘z biznes g‘oyalarini taqdim etdi, shundan 7 ta loyiha g‘olib bo‘ldi va har biri 2 million 500 ming so‘mdan subsidiya oldi.
Umuman olganda, loyiha yoshlar va ayollarning barqaror turizmni rivojlantirishdagi ishtirokini kengaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘z navbatida, “DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi hududning turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari