Xizmatlar eksportida turizm yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda
2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda xizmatlar eksporti hajmi 7,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 35,3 foizga ko‘p. Natijada xizmatlarning mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 36,8 foizga yetdi. Xizmatlar eksporti tarkibida turizm yetakchi yo‘nalish sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda. Hisobot davrida sayohat (turizm) xizmatlarining ulushi umumiy xizmatlar eksportining 53,8 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich turizm nafaqat aholiga xizmat ko‘rsatish sohasi, balki mamlakat eksport salohiyatini kengaytirishda muhim iqtisodiy yo‘nalishga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Xizmatlar eksporti tarkibida turizmdan keyin transport xizmatlari 31,7 foiz ulush bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari 8,5 foizni, boshqa ishbilarmonlik xizmatlari esa 2,9 foizni tashkil etdi.
Turizmning xizmatlar eksportidagi ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lishi sohaning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati ortib borayotganidan dalolat. Xorijiy sayyohlar oqimining ko‘payishi, yangi turistik mahsulot va yo‘nalishlarning yaratilishi, mehmonxona va transport infratuzilmasining rivojlanishi, shuningdek, turistlar uchun xizmatlar sifatining oshirilishi sohada eksport hajmini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi, ekologik va gastronomik turizm yo‘nalishlaridagi imkoniyatlari mamlakatni xalqaro turizm bozorida yanada jozibador yo‘nalish sifatida namoyon etish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Umuman, 2026-yilning dastlabki yetti oyida qayd etilgan natijalar O‘zbekistonda xizmatlar eksporti jadal o‘sib borayotganini va bu jarayonda turizm hal qiluvchi o‘rin tutayotganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sohada yangi turistik mahsulotlarni ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va xorijiy bozorlarda O‘zbekistonning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish kelgusida xizmatlar eksporti hajmini yanada oshirishga zamin yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA