Buxoroda kuzgi sayrlar mavsumi boshlandi
FOTOREPORTAJ
Kuzning ilk oyi Buxoroning qadimiy ko‘chalariga yanada fayz bag‘ishladi. Yozning jazirama tafti chekinib, tarixiy shahar bo‘ylab sayr qilish uchun qulay mavsum boshlandi.
Buxoro qadimiy me’moriy obidalari, milliy hunarmandchilik an’analari va betakror shahar muhiti bilan sayyohlarni doimo o‘ziga jalb etib keladi. Shaharning tarixiy markazi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, uning ko‘hna ko‘chalari, madrasa va masjidlari, savdo gumbazlari hamda tarixiy maydonlari boy o‘tmishidan so‘zlaydi.
[gallery-31259]
Ayni kunlarda tarixiy markazda mahalliy va xorijiy sayyohlar harakati yanada jonlangan. Mehmonlar Ark qal’asi, Poi Kalon va Labi Hovuz ansambllari, Chor Minor, qadimiy savdo gumbazlari kabi diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qilmoqda.
Kunduzgi ekskursiyalar kechki sayrlar, milliy hunarmandchilik maskanlariga tashriflar bilan davom etmoqda. Sentyabrning musaffo oqshomlarida tarixiy obidalarning yoritilishi va sokin ko‘chalar Buxoroning qadimiy qiyofasiga yanada joziba bag‘ishlaydi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA