Yoshlar uchun ish va biznes imkoniyatlari taqdim etildi
Boyovut tumanidagi Navro‘z mahallasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida yoshlarga jami 428 ta ish o‘rni taklif etildi. Unda 54 ta davlat idorasi, tashkilot va muassasa 175 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashgan bo‘lsa, 41 ta yirik ish beruvchi, mas’uliyati cheklangan jamiyat va xususiy tadbirkor tomonidan 253 ta yangi ish o‘rni hamda istiqbolli biznes loyihalari taqdim etildi.
Yarmarka yoshlarning bandligini ta’minlash, ularga munosib ish topish, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlik faoliyatini boshlashda ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarga vaucher tizimi orqali kasb-hunar egallash, shuningdek, «Tartibli migratsiya» dasturi asosida xorijda qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi haqida ma’lumot berildi.

Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari vakillari gidroponika usulida mahsulot yetishtirish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida issiqxonalar tashkil etish, intensiv bog‘dorchilik, parrandachilik va asalarichilik yo‘nalishlaridagi biznes loyihalarini ham taqdim etdi.

Mehnat yarmarkasida ishtirok etgan Shirin mahallasida yashovchi Shahinabonu Qarshiboyeva ham o‘zi uchun yangi imkoniyatga ega bo‘lganini so‘zlab berdi:
— Men bu yil oliy ta’lim muassasasini tamomladim va ish izlab yurgandim. Bugun tuman hokimligi tashabbusi bilan mehnat yarmarkasi tashkil etilganidan xabar topib, unda ishtirok etdim. Yarmarka davomida Shirin mahallasida yoshlar yetakchisi lavozimi bo‘sh ekanligini bildim. Mazkur lavozimga ishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan test va suhbat jarayonlari haqida batafsil tushuntirish berishdi. Shundan so‘ng ushbu lavozimga hujjatlarimni topshirdim. Eng muhimi, bunday yarmarkalar men kabi oliy ta’lim muassasasini tamomlab, ish izlayotgan yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bunday mehnat yarmarkalari ish beruvchilar bilan ish izlayotgan yoshlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berish va bandlikka ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, ular yoshlarga nafaqat ish topish, balki kasb egallash, o‘z salohiyatini namoyon etish va tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish uchun ham keng imkoniyat yaratadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri