Farg‘onalik sportchilar respublika bosqichiga shay
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov «Prezident olimpiadasi» musobaqasining respublika bosqichiga yo‘llanma olgan yosh sportchilar bilan uchrashdi. Payshanba — «Yoshlar kuni» doirasida tashkil etilgan muloqotda sportchilarning yutuqlari, kelgusi rejalari va musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi yosh sportchilarning fikr va takliflarini tinglab, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar, sportni yanada rivojlantirish va yuqori natijalarga erishish masalalariga e’tibor qaratdi.
Muloqotda yunon-rum kurashchisi Abdurauf Abdumajidov, voleybol bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempioni, milliy terma jamoa a’zosi Isfandiyor Obidaliyev hamda bokschi Og‘abek Asqaraliyev so‘zga chiqib, yosh sportchilarga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, sport sohasini rivojlantirish yuzasidan o‘z takliflarini ilgari surdi.
Joriy yilda «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» musobaqalari doirasida Farg‘ona viloyatidan 21 ta sport turi bo‘yicha 26 ming 993 nafar sportchi ro‘yxatdan o‘tgan.
«Prezident olimpiadasi»ning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish uchun 360 nafardan iborat delegatsiya ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ularning 255 nafari sportchi bo‘lib, shundan 125 nafari qizlardir. Delegatsiya tarkibidan 95 nafar murabbiy va 10 nafar mas’ul vakil ham o‘rin olgan. Shuningdek, musobaqalarda viloyatdan 33 nafar parasportchi qatnashishi kutilmoqda.
[gallery-32113]
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi yosh sportchilarga respublika bosqichida munosib ishtirok etish, yuqori natijalarga erishish va viloyat sharafini munosib himoya qilishda omad tiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA