Yoshlar uchun Germaniya "eshiklari" ochilmoqda
Buxoro viloyatida yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash, ularning xorijda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, Germaniya bilan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqib, yurtdoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Buxoro hududiy filiali tashabbusi bilan viloyatning 110 nafar yosh fuqarosi Germaniyada ishlash uchun mehnat shartnomalarini qo‘lga kiritdi. Bu esa nafaqat yoshlarning bandligini ta’minlash, balki ularning kasbiy salohiyatini xalqaro mehnat bozorida namoyon etishi uchun ham muhim qadam bo‘ldi.

Ma’lumki, viloyatda go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash sohasi bo‘yicha fuqarolarni nemis tili, kasb-hunar va madaniyatga o‘qitish orqali Germaniyaga ishga joylashtirish tizimi avvaldan yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur dastur doirasida joriy yilning o‘zida 30 nafar fuqaro tartibli, xavfsiz va tashkillashtirilgan tarzda Germaniyaga ishga yuborildi. Endi esa yana 110 nafar yosh mehnat shartnomasiga ega bo‘lib, xorijda rasmiy faoliyat yuritish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Tantanali tadbirda mehnat shartnomalarini Germaniyaning yirik oziq-ovqat kompaniyalaridan biri — “Tonnies Premium Food Group” korxonasi kadrlar menejeri Tomas Fyorster hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Shahriyorov topshirdi. Tadbir davomida yoshlarga xorijda mehnat qilish jarayoni, ish sharoitlari va qonuniy mehnat migratsiyasining afzalliklari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, uchrashuv chog‘ida ayni paytda Germaniyada mehnat qilib yurgan buxorolik yoshlar bilan onlayn muloqot tashkil etildi. Viloyat hokimi o‘rinbosari ular bilan suhbatlashib, ish sharoitlari, yashash muhiti va oylik maoshlari haqida qiziqdi. Yoshlar o‘z navbatida Germaniyadagi imkoniyatlar, mehnat muhiti va qo‘llab-quvvatlash ishlaridan mamnun ekanliklarini bildirdi.
E’tiborli jihati, mazkur loyiha doirasida 20 nafar navoiylik fuqaro ham mehnat shartnomasini qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, kelgusida Namangan va Nukus shaharlarida ham ushbu tashabbusni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu esa loyihaning qamrovi kengayib, yanada ko‘proq yoshlarning qonuniy mehnat migratsiyasi orqali ish bilan ta’minlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Migratsiya agentligi tomonidan Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan boshqa yirik loyihalar bilan ham yaqindan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan yoshlarni kasbga tayyorlash, til o‘rgatish va xalqaro mehnat bozori talablariga mos mutaxassis etib tayyorlash borasidagi ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Bu kabi tashabbuslar yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning daromad manbaini oshirish va eng muhimi, xavfsiz hamda qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri