Bemor bolalarni davolashga vaucherlar tarqatildi
Prezident topshirig‘i amalda
Davlat rahbarining tashabbusi asosida Qurbon hayiti munosabati bilan og‘ir xastalikka chalingan bolalar uchun “Vaqf” fondi tomonidan yirik miqdorda mablag‘lar ajratilib, ularning davolanishlariga yo‘naltirilmoqda.


Toshkent viloyatida ham mazkur tashabbus doirasida Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda shahar-tuman Tibbiyot birlashmalari negizida viloyat davolash-profilaktika muassasalari mas’ul xodimlaridan iborat shtab tashkil etildi. “Vaqf” fondi tomonidan viloyatga jami 1 ming 100 ta vaucher ajratilib, shundan og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan 299 nafar bolada yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshiriladi.


Shuningdek, 216 nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarda tibbiy tekshiruvlar, davolash va jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Yana 4 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshiriladi. Shu kunlarda Angren shahri bo‘yicha mas’ullar ana shunday xonadonlarga tashrif buyurib, vaucherlarni o‘z egalariga topshirdi. Fuqarolar bilan suhbatda mavjud muammolar o‘rganilib, ijobiy hal qilish choralari ko‘rilyapti.

– Angren shahri Gulzor mahallasida yashayman, – deydi Dono Ermatova. – Farzandim Mustafo Soataliyev yurakning tug‘ma nuqsoni bilan tug‘ilgan. Uni davolatish uchun ko‘p tashvish chekayotgandik. Bugun o‘g‘limning bepul jarrohlik amaliyoti uchun vaucher berilgani bizga katta quvonch bag‘ishladi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdormiz.
A.Musayev, O‘zA.