Bugungi yoshlar ovozida ertangi kunga ishonch nafasi bor
Yurtimizda “Yoshlar kuni” munosabati bilan yosh avlodning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada vazirlik va idoralar rahbarlari yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, ularning murojaat va takliflarini tinglash, amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Milliy gvardiya tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi tadbir ham yoshlar bilan muloqotni mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etishga bag‘ishlandi.

Yunusobod tumani hamda poytaxtga tutash Toshkent tumanida faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari ishtirokidagi tadbir mazmunli va interaktiv muloqot shaklida o‘tdi. Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va tashabbuslarini bevosita Milliy gvardiya qo‘mondoniga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, kelajakka doir yangi g‘oyalar, amaliy tashabbuslar hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim takliflar ilgari surildi.

— Ushbu uchrashuv yoshlar uchun juda katta motivatsiya bo‘ldi. Biz o‘z fikr va tashabbuslarimizni erkin bildirish, takliflarimizni bevosita mas’ullarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldik, — deydi “Istiqbol” MFY yoshlar yetakchisi Umida Xo‘janazarova. — Eng muhimi, yoshlarga bo‘lgan ishonch va e’tiborni yana bir bor his qildik. Bu kabi muloqotlar bizga yanada faol bo‘lish, yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashashga kuch bag‘ishlaydi.

Tadbirning mantiqiy davomi sifatida Harbiy musiqa akademik litseyining hisobot konserti tashkil etildi. Madaniy kecha davomida litsey o‘quvchilari tomonidan milliy va jahon musiqa san’atining sara namunalari ijro etildi. Yosh ijodkor va musiqachilarning yuksak mahorati, sahna madaniyati hamda jonli ijrolari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
N.Rahmonova, O‘zA