Yoshlar tashabbusiga keng yo‘l ochildi
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev ishtirokida nafaqat talaba-yoshlar, mahallalar yoshlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolariga yechim topish hamda innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan muloqot davomida talabalar tomonidan 40 dan ortiq taklif va murojaat bildirildi. Ular ta’lim sifati, ilmiy faoliyatni rivojlantirish, startap ekotizimini kengaytirish, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohasi hamda yoshlar bandligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Ayniqsa, ilgari surilgan tashabbuslarning 13 tasi startap, raqamlashtirish, ta’lim, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalardan iborat bo‘ldi. Mualliflar o‘z ishlanmalarining amaliy ahamiyati, iqtisodiy samaradorligi va istiqbollari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Uchrashuvda bildirilgan barcha taklif va murojaatlar atroflicha muhokama qilinib, ularni hayotga tatbiq etish va belgilangan tartibda hal etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar hamda mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Shuningdek, istiqbolli loyihalarni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
[gallery-30652]
Muloqot doirasida filialda yaratilgan innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda talabalar ishtirokida ishlab chiqilgan elektromobil loyihasi alohida qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, energiya tejamkor texnologiyalar, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga oid qator startap ishlanmalari namoyish qilinib, ularning tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shu kuni Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik o‘quv markazида amalga oshirilayotgan tashkiliy va tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdi.
Tashrif davomida viloyat hokimiga markazning asosiy maqsad va vazifalari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanishi, o‘quv xonalari va amaliy laboratoriyalarni tashkil etish, o‘quv jarayonini xalqaro talablar asosida yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur markaz yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ularning sun’iy intellekt, dasturlash, axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik va raqamli texnologiyalar sohalaridagi nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va startap loyihalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Erkinjon Turdimov raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, hokim markaz faoliyatini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, yoshlarni real loyihalarga jalb etish, IT-kompaniyalar va sohaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablari asosida takomillashtirish, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish hamda soha mutaxassislarini ta’lim jarayoniga keng jalb etish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA