Senator so‘rovi: nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun jamoat transportida munosib sharoitlar yaratilganmi?
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya boshlig‘iga senator so‘rovi yubordi.
So‘rovda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ular uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda jamoat transporti va transport infratuzilmasini nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish bilan bog‘liq kamchiliklar saqlanib qolayotgani ta’kidlangan.
Xususan, Toshkent viloyati “Dugonalar” nogiron ayollar jamiyati murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Toshkent shahri Janubiy vokzalidan Yangiyo‘l tumanidagi “Niyozbosh” mahallasiga qatnovchi 194-sonli avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobuslarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus o‘rinlar, axborot tablolari va ovozli e’lon tizimlari nazarda tutilmagani aniqlangan.
Mazkur yo‘nalishdagi avtobus bekatlarida panduslar, tutqichlar, Brayl alifbosidagi ma’lumotlar, ovozli axborot vositalari hamda taktil qoplamalar kabi infratuzilma elementlari yetarli darajada mavjud emasligi qayd etilgan. Bu esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportidan to‘liq va xavfsiz foydalanish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Shu munosabat bilan senator so‘rovida aniqlangan holatlar yuzasidan davlat nazorati qay darajada amalga oshirilgani, qonunchilik talablari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar yuzasidan asoslantirilgan javob taqdim etish hamda mas’ul tashkilotlar faoliyatiga huquqiy baho berish so‘ralgan.
N.Abduraimova, O‘zA