Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksport qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari hamda Xitoyning Rongling International Investment Group Co., Ltd. kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuvda qisqa muddatda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan investitsiya loyihalarini shakllantirish, oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yong‘oqchilik, quritilgan mevalarni yetishtirish va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksport qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish zanjirini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya, kabel sanoati va boshqa yo‘nalishlarda ham o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning agrar salohiyatidan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
M. HOJIAKBAROVA,
O‘zA