Yoshlar tarbiyasiga barcha mas’ul
Buxoro viloyatidagi 624 umumta’lim maktabi, akademik litsey va kasb-hunar kollejida 358 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.
Buxoro viloyatidagi 624 umumta’lim maktabi, akademik litsey va kasb-hunar kollejida 358 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimi muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Yoshlarning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, kasb-hunar egallashi, jamiyatda munosib o‘rin topishida jamoatchilik bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Bu Buxoroda o‘tkazilgan “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi mexanizmini tatbiq etishga bag‘ishlangan hududiy seminarda alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalq ta’limi muassasalari mutasaddilari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, viloyat, tuman va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Ta’lim-tarbiya ishlarida ushbu hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyundagi “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Seminarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va uning tuman, shaharlar bo‘limlari huzuridagi “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” jamoat kengashlarining faoliyati tahlil etildi. Ularning umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida sog‘lom ijtimoiy-ruhiy muhitni mustahkamlash, yosh avlodga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirishdagi ilg‘or tajribalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlik, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, erta nikohning oldini olish, yoshlarni turli illatlar, xususan, “ommaviy madaniyat” ta’siridan asrash borasidagi ishlar haqida fikr almashildi.
– Bola tarbiyasida oila bilan birga ta’lim muassasasi va mahalla ham alohida ahamiyatga ega, – deydi Buxoro shahridagi Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ra’no Hakimova. – O‘quvchilarning davomati, xulq-atvori, bo‘sh vaqtini qayerda, qanday o‘tkazayotgani doimiy nazoratimizda. Ba’zan yuzaga keladigan muammolarni ota-onalar, ta’lim muassasasi va boshqa hamkorlar bilan hamjihatlikda hal qilmoqdamiz. Buning samarasida hududimizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari kuzatilmaydi. Keyingi uch yilda mahallamizda qizlarning erta turmushga chiqishiga yo‘l qo‘yilmadi.