Yoshlar salohiyati – energetika taraqqiyotining asosiy kuchi
Bugun "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatida Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda tizimda mehnat qilayotgan eng faol yoshlar ishtirok etdi.
"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov hamda "O‘zenergoinspeksiya" rahbari Dadajon Isaqulov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirish, kasbiy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bugun o‘zining amaliy natijalarini berayotganini ta’kidladi.

Abdumalik Nazirovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda energetika sohasida kechayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar zamonaviy bilim va yuksak salohiyatga ega yosh kadrlar ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
– Bugun energetika tizimi jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Yangi elektr tarmoqlari qurilyapti, raqamli texnologiyalar keng joriy etilyapti, ishlab chiqarish jarayonlari modernizatsiya qilinyapti. Bu islohotlarning muvaffaqiyati, eng avvalo, bilimli, tashabbuskor va mas’uliyatli yoshlarga bog‘liq. Biz har bir yosh mutaxassisning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga, ularning malakasini oshirishga va kasbiy o‘sishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga intilamiz. Chunki mamlakatimiz energetikasining ertangi kuni bugungi yoshlar qo‘lida, – dedi Abdumalik Nazirov.

Shundan so‘ng so‘z olgan "O‘zenergoinspeksiya" rahbari, ko‘p yillik tajribaga ega energetik Dadajon Isaqulov sohada mehnat qilayotgan yoshlarga o‘zining hayotiy va kasbiy tajribasidan kelib chiqqan holda muhim tavsiyalarini bildirdi.
– Energetika katta mas’uliyat talab qiladigan soha. Bu yerda har bir qaror, har bir harakat ortida millionlab iste’molchilar manfaati turadi. Shuning uchun yosh mutaxassis, avvalo, intizomli, bilimga chanqoq va halol bo‘lishi kerak. Doimiy o‘qish, izlanish va o‘z ustida ishlash insonni yetuk mutaxassisga aylantiradi. Men ishonamanki, bugun shu yerda o‘tirgan yoshlar mamlakatimiz energetikasini yangi bosqichga olib chiqadigan avlod bo‘ladi, - dedi Dadajon Isaqulov.

Ochiq muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, sohani yanada rivojlantirishga doir taklif va tashabbuslarini bildirdi. Uchrashuv davomida yoshlarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularning g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish muhimligi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida energetika tizimida samarali mehnat qilayotgan, tashabbuskorligi va faolligi bilan ibrat bo‘layotgan eng faol yoshlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Forum so‘ngida taniqli shoir Orif To‘xtashning Vatan, mehnat, inson qadri va yurt taraqqiyotini tarannum etgan she’rlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ta’kidlash kerakki, Yoshlar forumi mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘lib, energetika sohasida fidoyi, bilimli va tashabbuskor kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda tarmoqning barqaror taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA