O‘zbekistonning yosh metrologlari xalqaro maydonda yuksak natijalarga erishmoqda
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston milliy metrologiya institutida ilmiy salohiyatli yoshlar e’tirof etildi. Tadbirda yosh olimlar va mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro maydondagi yutuqlari hamda metrologiya sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi alohida qayd etildi.
Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston milliy metrologiya institutida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov so‘zga chiqib, tizimda faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarning ilmiy va amaliy yutuqlari mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Bugungi kunda institutda 68 nafar falsafa doktori (PhD) faoliyat yuritib, mamlakatimizda metrologiya sohasini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ilmiy salohiyatni yanada mustahkamlash maqsadida 2025-yil 15-apreldan boshlab institut huzurida «Metrologiya va metrologik ta’minot» ixtisosligi bo‘yicha PhD va DSc ilmiy darajalari uchun mustaqil izlanuvchilikka qabul yo‘lga qo‘yildi.
–Institut yosh mutaxassislari xalqaro tanlovlarda ham yuqori natijalarni qayd etmoqda, – deydi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov. – Joriy yilning 16–17-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida «Kelajak bizniki» shiori ostida o‘tkazilgan IV Xalqaro ilmiy-amaliy yosh olimlar va mutaxassislar anjumani doirasida tashkil etilgan «MDHning eng yaxshi yosh metrologi» I xalqaro tanlovida institut vakillari munosib ishtirok etdi.
[gallery-30155]
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Azamat Taubaldiyev ilmiy metrologiya yo‘nalishida birinchi o‘rinni, Ahmadbek Muhammad Aminov esa metrologiyani raqamlashtirish yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bu natijalar mamlakatimizda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganining yana bir amaliy isbotidir.
20-may — Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan soha vakillarining mehnati davlat darajasida munosib baholandi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-apreldagi 143-son qarori bilan ta’sis etilgan «Eng yaxshi metrolog» mukofotining ilk g‘oliblari orasida institut xodimlari ham bor.
Joriy yil Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan COOMET qo‘mitasining 38-yig‘ilishi doirasida O‘zbekistonning xalqaro metrologiya sohasidagi nufuzi yanada mustahkamlangani e’tirof etildi. Muhim voqealardan biri sifatida O‘zbekiston vakili birinchi marta COOMET tarkibiy organiga rahbar etib saylandi. Institutning yosh mutaxassisi Azamat Taubaldiyev TQ 1.9 «Ionlashtiruvchi nurlanishlar va radioaktivlik» qo‘mitasi raisi etib saylandi. Bu mamlakatimiz mutaxassislarining xalqaro hamjamiyatdagi yuqori obro‘-e’tiborini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir yakunida tizimda samarali mehnat qilib kelayotgan va yuqori natijalarga erishgan yosh mutaxassislar taqdirlandi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA