Jon Haddad: O‘zbekiston erishgan natijalarni yuqori baholaymiz (+video)
Avval xabar berilganidek, joriy yilning 22-26-iyun kunlari “O‘zatom” agentligida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE)ning milliy yadro infratuzilmasini kompleks baholash (INIR) bo‘yicha ikkinchi bosqich kuzatuv missiyasi faoliyat yuritdi.
Missiya yakunida XAEA xalqaro ekspertlar guruhi rahbari Jon Haddad ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda missiya rahbari ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga quyidagicha javob berdi:
– Xalqaro atom energiyasi agentligi yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Shu bois, agentlik a’zo davlatlarga yadroviy texnologiyalardan xavfsiz va samarali foydalanish uchun zarur salohiyat, bilim va tajribani shakllantirishda ko‘maklashadi.
Atom energetikasi ham MAGATEning O‘zbekiston bilan ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelayotgan ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Agentlik yadroviy energetika dasturini amalga oshirish bo‘yicha a’zo davlatlar bilan hamkorlikda maxsus yondashuv ishlab chiqqan bo‘lib, unga muvofiq mazkur jarayon uch bosqich va uchta asosiy marrani o‘z ichiga oladi.
Har bir bosqichda mamlakat yadroviy dasturni izchil va tizimli rivojlantirishi uchun hal etilishi lozim bo‘lgan 19 ta infratuzilma yo‘nalishi belgilangan. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni baholash hamda davlatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida MAGATE INIR missiyalarini tashkil etadi.
2021-yilda o‘tkazilgan birinchi INIR missiyasi O‘zbekistonning yadroviy dasturga tayyorgarlik darajasini baholab, qo‘shimcha choralar ko‘rish zarur bo‘lgan sohalarni aniqlab bergan edi. Shundan so‘ng MAGATEning Integratsiyalashgan ish rejasi (Integrated Work Plan) doirasida O‘zbekistonga 19 ta infratuzilma yo‘nalishining barchasi bo‘yicha keng ko‘lamli texnik va maslahat yordami ko‘rsatildi.
Bu galgi ikkinchi missiyaning asosiy maqsadi esa 2021-yilda berilgan tavsiyalar ijrosi bo‘yicha erishilgan natijalarni baholashdan iborat bo‘ldi. Uning yakunlari kelgusida qaysi yo‘nalishlarga ustuvor e’tibor qaratish lozimligini belgilashga xizmat qiladi.
Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil davom ettirish tarafdorimiz. Bu, avvalo, mutaxassislar salohiyatini oshirish, o‘quv kurslari va xalqaro tadbirlarda ishtirok etish, shuningdek, dasturning uchinchi bosqichi – litsenziyalash, qurilish va ekspluatatsiyaga tayyorgarlik jarayonlari uchun zarur baholash missiyalarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu ishlar mamlakatning atom energetikasi sohasida xavfsiz va samarali faoliyat yuritishga tayyorgarligini yanada mustahkamlaydi.
Birinchi INIR missiyasidan keyin O‘zbekistonning yadroviy infratuzilmani rivojlantirish va berilgan tavsiyalarni amalga oshirish borasida erishgan natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularni yuqori baholaymiz.
Missiya ochiq va konstruktiv hamkorlik ruhida o‘tdi. Ekspertlar O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan faol hamkorlik hamda taqdim etilgan ma’lumotlarni yuqori baholadi. Dastlabki xulosalar mamlakat birinchi missiyada berilgan tavsiya va takliflarni amalga oshirishda sezilarli natijalarga erishganini ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda qo‘shimcha e’tibor talab qiladigan ayrim yo‘nalishlar ham mavjud. Biz mazkur sohalarda ham O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Missiya davomida manfaatdor tomonlar bilan muloqot masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlat organlari, qonun chiqaruvchilar, keng jamoatchilik, kelgusida esa operator tashkilotlar, yadroviy nazorat organlari, yetkazib beruvchilar, mahalliy aholi va qo‘shni mamlakatlar bilan ochiq hamda samarali hamkorlik yadroviy dasturning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
2021-yilda berilgan tavsiyalar asosida O‘zbekiston milliy va institutsional darajada barcha manfaatdor ishtirokchilar bilan ishlash bo‘yicha reja va strategiyalarni ishlab chiqqanini muhim yutuq deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, ushbu mexanizmlarni yanada takomillashtirish hamda tashkilotlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro yadroviy sohadagi istiqbollari ham yuqori ahamiyatga ega. Mamlakat yetkazib beruvchi davlatlardan tashqari hududlarda kichik modulli reaktorlar (SMR) qurishni rejalashtirayotgan sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi.
Mazkur loyihani amalga oshirish jarayonida to‘planadigan amaliy tajriba boshqa davlatlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, O‘zbekistonni MAGATE tadbirlarida faol ishtirok etish va o‘z tajribasini xalqaro maydonda bo‘lishishga chaqiramiz. Fikrimizcha, aynan shu tajriba kelgusi 10-15 yil ichida O‘zbekistonni kichik modulli reaktorlar bo‘yicha xalqaro hamkorlik va tajriba almashish jarayonlarida faol ishtirok etuvchi mamlakatlardan biriga aylantirishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GlHxtYqgZXE" title="Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (videomontaj), O‘zA