Yoshlar kuni: yoshlar harbiylar ish faoliyati bilan tanishdi
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Payshanba — Yoshlar kuni” tizimi yoshlarga o‘z muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlarga yetkazish, iqtidorlarini namoyon etish va sifatli ta’lim hamda sport bilan shug‘ullanish uchun keng imkoniyatlarni bermoqda.
Shu munosabat bilan Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi va ta’lim olayotgan faol yoshlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 98162-harbiy qismida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Unda yoshlar harbiy qism faoliyati, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishib, ulardan foydalanish tartibi haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Jumladan, yoshlar uchun harbiy qism bo‘ylab maxsus ekskursiya davomida qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yoshlar Milliy gvardiya bo‘linmalari tasarrufidagi zamonaviy qurollar, maxsus vositalar va zirhli texnikalarni nafaqat yaqindan ko‘rish, balki ularning taktik-texnik xususiyatlari haqida harbiy xizmatchilardan batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, harbiy qism komandirlari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, harbiy xizmat, vatanparvarlik va Vatan himoyachisi bo‘lishning mas’uliyati haqida fikr almashdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA