Yoshlar diplom bilan birga tayyor amaliy ko‘nikma va kafolatlangan ish o‘rniga ega bo‘lishadi
Prezident tashabbuslari – amalda
U kollejda o‘qishni tamomladi va katta umidlar bilan mahallasiga yaqin bir korxonaga ish izlab bordi. Korxona rahbari bitiruvchi bilan yaxshi gaplashdi. Ularga zamonaviy uskunada ishlay oladigan tayyor xodim kerakligini aytdi.
Shunda kollejda berilgan nazariy bilimlar amaliyot uchun yetarli emasligi aniq bo‘ldi. Afsuski, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmay qiynalayotgan mana shunday diplomli yoshlar soni oz emas. Yaqin-yaqingacha paydo bo‘lib turgan bunday hayotiy muammoning sababi nimada edi?
Buning zamirida an’anaviy kasbiy ta’lim va real iqtisodiyot o‘rtasidagi uzilish yotadi. Bugun odamlar juda tez va shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda yashayapti. Kechagina talab yuqori bo‘lgan kasblar bugun o‘z qimmatini yo‘qotmoqda. Ularning o‘rnini sun’iy intellekt tizimlari, “yashil” energetika va zamonaviy logistika kabi mutlaqo yangi sohalar egallamoqda. Ammo eski kasb-hunar o‘rgatish tizimi bu shiddatli o‘zgarishlarga tez moslasha olmaydi. Buning bir qancha sabablari bor.
Avvalo, yangi yo‘nalishni ochish uchun o‘quv dasturlari yaratilishi kerak. Bu jarayon ma’lum vaqtni oladi. Oqibatda qaysidir dastur tasdiqlanguncha mehnat bozoridagi talab yana o‘zgarib ketadi.
Shuningdek, moddiy-texnik bazaning arzon emasligi va malakali pedagoglar tanqisligi bu boradagi har bir islohot oson kechmasligini anglatadi.
Ana shu muammolarga oqilona yechim sifatida mamlakatimizda mutlaqo yangicha ta’lim siyosati olib borilmoqda. Hududlarda ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari tashkil etila boshlandi.

Bunda ta’lim muassasalari shunchaki davlat byudjetiga emas, balki bevosita zavod va korxonalarning real ehtiyojiga bog‘lanmoqda. Dual ta’lim tizimi va ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik tufayli yangi o‘quv kurslari yillab emas, balki bir necha hafta ichida yo‘lga qo‘yiladi. Bu yondashuv ta’lim tizimini to‘liq ish beruvchilar talablariga moslashtirish imkonini beradi.
Bu boradagi eng yorqin amaliy misollardan biri Urganch shahrida tashkil etilgan Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev avgust oyida ushbu muassasa faoliyati bilan shaxsan tanishgan edi.
– Urganchdagi zamonaviy muassasani barpo etish uchun davlat byudjetidan 72,4 milliard so‘m ajratildi, – deydi Kasbiy ta’lim agentligi direktori O‘tkir Alijonov. – Ahamiyatlisi, 5 gektardan ortiq maydonda 1 ming 100 o‘rinli ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita o‘quv ustaxonasi qurildi. Muassasada Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etildi. Quvonarlisi, yoshlar kelajagiga daxldor bu loyiha davlat rahbari e’tiborida. Prezidentimiz bu yerga tashrif buyurganlarida yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli o‘qitish, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirib borish va bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Ushbu texnikumda joriy o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olindi. Ta’lim jarayoni ish beruvchilar bilan birgalikda tashkil etilmoqda. Bu esa bitiruvchilarning egallagan kasbi bo‘yicha darhol ish bilan ta’minlanishiga kafolat beradi. Eng ahamiyatlisi, bu texnikum nafaqat o‘z o‘quvchilari uchun, balki Xorazm viloyatidagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham markaziy amaliy baza vazifasini o‘taydi. Hududdagi boshqa muassasalarning qariyb 4 ming 300 nafar o‘quvchisi ushbu ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Texnikum hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi esa alohida e’tiborga loyiq. Bu yerda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini barvaqt aniqlash, ularni to‘g‘ri kasbga yo‘naltirish uchun barcha sharoit yaratilgan. “O‘zing yasab ko‘r” tamoyili asosida o‘quvchilar turli zamonaviy uskunalarda bevosita ishlab, amaliy ko‘nikmalar hosil qiladi. Shaharchada transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda “yashil” energetika kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan. Bu yerda kasbga yo‘naltirishdan tortib, bandlikni ta’minlashgacha bo‘lgan yagona tizim yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-31115]
– Shu paytgacha xayolimda qaysidir kasbni tanlash bo‘yicha aniq bir reja yo‘q edi, – deydi Kasblar shaharchasiga qatnay boshlagan o‘quvchilardan biri Jasurbek Xudoynazarov. – Bu yerga kelib, hamma tasavvurlarim o‘zgarib ketdi. Maktabda fizika yoki texnologiya darsida jarayonlarni asosan doskada chizib tushuntirishardi. Bu yerda esa zamonaviy dastgohlar va ish qurollarini o‘z qo‘lim bilan ushlab ko‘ryapman. Ba’zilar texnikumda eskicha payvandlash yoki kalit bilan murvat burashni o‘rgatishadi deb o‘ylaydi. Bu yerda aslo unday emas ekan. Qarasam, hammasi kompyuterlashgan, 3D model asosida ishlaydigan zamonaviy tizimlar. Masalan, men boya quyosh panellarini boshqarish va diagnostika qilish uskunasini ishlatib ko‘rdim. Bu juda ajoyib! Maktabni tugatib, shu texnikumga hujjat topshiraman.
Shu kabi ilg‘or tajriba Andijon viloyatida ham muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” sanoat zonasi hududida “Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi tashkil etildi. Prezidentimiz yaqinda Andijon viloyatiga tashrif buyurganlarida ham ushbu muassasada bo‘lgan edi. Davlatimiz rahbari texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, yoshlar bilan suhbatlashgandi.
Bu loyihaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etadi va u to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi. Loyiha doirasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. To‘rt gektar maydonda 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv binosi qurib bitkazildi.
Ushbu xalqaro texnikum to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlaydi. Muassasada joriy etilgan dual ta’lim tizimi orqali o‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda oladi, amaliyotni esa sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi.
Keyingi bosqichda bu yerda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi va yashil hudud barpo etiladi. Joriy yilning iyun oyida ishga tushirilgan ushbu texnikumda hozirda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030-yilga qadar yillik qabulni 1 ming 800 nafarga, o‘quvchilar sonini 4 ming nafarga, ta’lim yo‘nalishlarini esa 20 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarining yoshlar hayotiga ta’siri beqiyosdir. Avvallari yoshlar diplom olgach, ish izlab oylab sarson bo‘lar edi. Bu ularda kelajakka bo‘lgan ishonchsizlikni keltirib chiqarardi. Yangi tizim esa yoshlarga o‘qish davridayoq real ishlab chiqarish muhitini his qilish, zamonaviy uskunalarni boshqarish va munosib daromad keltiradigan kasbni egallash imkonini beradi. Yoshlar diplom bilan birga tayyor amaliy ko‘nikma va kafolatlangan ish o‘rniga ega bo‘lishadi.
Mamlakat iqtisodiyoti uchun bu yondashuv juda katta dividend keltiradi. Avvalo, korxonalar yangi xodimni qayta o‘qitish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflamaydi. Ishlab chiqarish uzilmaydi, samaradorlik va mahsulot sifati ortadi.
Shuningdek, xorijiy va mahalliy investorlar uchun malakali ishchi kuchi mavjudligi eng muhim omillardan biridir. Andijondagi loyiha kabi xorijiy sarmoyalarning kirib kelishi ham aynan shunday zamonaviy kadrlar tayyorlash kafolati bilan bevosita bog‘liqdir.
Bunday muvaffaqiyatli tajribani Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich yoyish rejalashtirilgani e’tiborga molik. Yoshlarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi va iqtisodiyotning malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari bilan ta’minlanishi barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevoridir.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosirjon HAYDAROV(surat),
O‘zA muxbirlari