Yoshlar bilan ishlashning yangi modeli joriy etiladi
Sirdaryo viloyatida yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan “Sirdaryo tumani namunasi” joriy etiladi. Bu haqda Yoshlar masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev va komissiya raisi o‘rinbosari Jahongir Jo‘rayevning viloyatga tashrifi doirasida ma’lum qilindi.
Sirdaryo va Xovos tumanlarida o‘tkazilgan ochiq muloqotda viloyat va tumanlar rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, tashkilotlar vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida yuzdan ortiq yoshlarning bandlik, ta’lim, tadbirkorlik, kasb-hunar egallash, uy-joy bilan ta’minlash, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid murojaat hamda takliflari tinglandi.

Yoshlar tomonidan bildirilgan har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, ularni hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Ayrim masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.

Uchrashuvning eng muhim natijalaridan biri sifatida Sirdaryo tumanida «Sirdaryo tumani namunasi»ni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yangi model mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish, muammolarini manzilli hal etish va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ta’kidlanganidek, mazkur tajriba asosida davlat organlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari va boshqa hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi hamjihatlik mustahkamlanib, har bir yosh bilan individual ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda yoshlar siyosati davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani yana bir bor ta’kidlanib, davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning jamiyat taraqqiyotidagi ishtirokini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

Ochiq muloqot yoshlarning taklif va tashabbuslarini eshitish, ularning muammolariga amaliy yechim topish hamda hududlarda yoshlar bilan ishlashning samarali modellarini hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar izchil davom etayotganini yana bir bor tasdiqladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri