“Yurt qayg‘usida 365 kun” – Prezidentimiz faoliyatini aks ettirgan kitob
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi davlat va siyosiy faoliyati hamda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan “Yurt qayg‘usida 365 kun” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov, kitob muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov, akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar kitob Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti hamda xalq manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yorituvchi muhim tarixiy va ma’naviy manba ekanini ta’kidladi.
Xususan, “Yurt qayg‘usida 365 kun” kitobining muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov kitobni yaratish g‘oyasi keng kitobxonlar jamoatchiligi, ziyolilar va o‘quvchilarning taklif hamda murojaatlari asosida shakllanganini ta’kidladi. U muharrir sifatida nashrni tayyorlash jarayonida tarixiy xolislik, hujjatlar ishonchliligi va faktlarning aniqligiga ustuvor ahamiyat berilganini qayd etib, kitob Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining o‘ziga xos tarixiy solnomasi sifatida bugungi va kelajak avlod uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
[gallery-30297]
Ta’kidlanganidek, mazkur taqdimot yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, tarixiy xotirani asrash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat, fidoyilik va yuksak mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida aks etdi.
Tadbir doirasida huquqiy, siyosiy va badiiy kitoblar yarmarkasi ham tashkil etildi.
Yakunda mehmonlarga akademiyaning esdalik nishonlari topshirildi.
Gulnoz Boboyeva,
Nosirjon Haydarov(surat),
O‘zA