Ilmli ayol – jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi
Ilmli, ma’rifatli va tashabbuskor ayol — har qanday jamiyatning ma’naviy qiyofasini belgilaydigan, oila mustahkamligi va kelajak avlod tarbiyasining eng muhim ustuni hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning bilim olishi, kasbiy mahoratini yuksaltirishi, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar bugun amalda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Bu borada davlat idoralarida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar nafaqat xodimlarning bilim va dunyoqarashini boyitish, balki ularning shaxsiy kamolotiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Ana shunday mazmunli tadbirlardan biri Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy seminar bo‘ldi.
Seminarda Oliy Majlis Senati huzuridagi “Lider tadbirkor ayollar klubi”, “Oqila ayollar” harakati, viloyat Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Buxoro texnika universiteti vakillari ishtirok etib, ilmli va ma’rifatli ayolning oila, jamiyat hamda davlat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni haqida atroflicha fikr almashdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va davlat xizmatida munosib o‘rin egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, bilimli va fidoyi ayollar jamiyat taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda.

Seminarda bojxona organlarida gender tengligini ta’minlash, ayol xodimalar uchun zamonaviy va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, rahbarlik lavozimlaridagi ulushini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Ma’ruzachilar ayol xodimalarni doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga, bilim va malakasini oshirishga, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishga chaqirdi. Shuningdek, xizmat vazifalari bilan oilaviy hayot o‘rtasida muvozanatni saqlash, farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashish va shaxsiy rivojlanishni uzluksiz davom ettirish yuzasidan hayotiy tavsiyalar berildi.

Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati sifatida malakali psixologlar ishtirokida amaliy treninglar tashkil etildi. Ularda ishtirokchilar ruhiy barqarorlikni saqlash, stressni samarali boshqarish, ish unumdorligini oshirish, ijobiy fikrlash va shaxsiy rivojlanishga oid zamonaviy yondashuvlar bilan tanishdilar.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan seminar savol-javoblar, fikr va tajriba almashishlarga boy bo‘lib, ishtirokchilar uchun yangi bilim va hayotiy saboqlar manbaiga aylandi. Ayniqsa, ilmli ayol nafaqat o‘z oilasining, balki butun jamiyatning ma’naviy yuksalishiga xizmat qilishi haqida bildirilgan fikrlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri