Yoshlar bilan ishlashda innovatsion yondashuvlar
Bugun yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada har bir tashkilot va idora, fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar yoshlar siyosati doirasida o‘zlarining vazifalarini belgilab olgan va muayyan tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tizimida yoshlarni qo‘llash barobarida ularning ekologik masalalarga daxldorligini oshirish, bu yo‘nalishdagi innovatsion g‘oyalarini yuzaga chiqarish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu haqda partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Nilufar Matkarimova quyidagilarni gapirib berdi:
— So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida mutlaqo yangi tizim yaratildi. Yoshlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi. Har haftaning payshanba kuni «Yoshlar kuni» etib belgilanib, vazirlik va idoralar yoshlarning muammolarini o‘rganish hamda ularga amaliy yechim topishga safarbar etildi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida yosh tadbirkorlar soni besh barobar ko‘payib, 287 ming nafardan oshdi. Xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yigit-qizlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Iqtidorli o‘quvchi va talabalar nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilar esa xalqaro musobaqalarda 2 ming 245 ta medalni qo‘lga kiritdi.

So‘nggi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimining 15 barobar o‘sib, uning qiymati 4 milliard dollardan oshgani, 1 ming 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihasi paydo bo‘lgani ham amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi va yoshlarning intellektual salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston aholisining deyarli yarmini tashkil etadigan yoshlar nafaqat mamlakatimizning bugungi tayanchi, balki uning kelajagini belgilab beruvchi asosiy kuchga aylanmoqda. Shu bois, yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan yangilash, ularni zamonaviy bilim, ko‘nikma va tafakkur bilan qurollantirish, eng muhimi, ularning ijodkorlik salohiyatini yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar va innovatsion ilm-fan sohalariga yo‘naltirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Prezidentimizning 2026-yil 20-apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasi ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Strategiyada yoshlarni innovatsion tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot faoliyati va yashil texnologiyalarga keng jalb etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Ekologik partiyasiga a’zo yoshlar soni qariyb 290 ming nafarga yetmoqda. Ularni «Yosh ekologlar» qanoti atrofida birlashtirish, loyihaviy va ekovolontyorlik faoliyatiga jalb etish, ekologik muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy ishlanmalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash yoshlarning ekologik ongi hamda innovatsion tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu esa barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kafolatlaridan biridir.
So‘nggi yillarda yoshlarni innovatsion faoliyatga jalb etish borasida ham ko‘lami, ham sifati jihatidan yangi bosqichga o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevralda qabul qilingan «Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan ushbu sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, ilmiy va konstruktorlik g‘oyalari bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga keng sharoit yaratish, ularni nafaqat oliy ta’lim muassasalarida, balki umumiy o‘rta ta’lim bosqichidan boshlab qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimiz startap ekotizimi so‘nggi to‘qqiz yilda 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshdi. Venchur jamg‘armalari soni 23 taga, ularning umumiy kapitali esa 200 million dollarga yetdi. 1 ming 200 dan ortiq istiqbolli startap loyihasi yaratilib, sohada 3 mingdan ziyod yosh munosib daromad topmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi yoshlar bilan ishlashda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan maqsad-vazifalarni amalga oshirishda yoshlar faolligini yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar doirasida joriy yilning 8-9-iyul kunlari «ECO YOUTH SUMMIT» xalqaro yoshlar ekologik sammiti o‘tkazildi.

Sammitdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularning volontyorlik va innovatsion tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, xorijiy davlatlar yoshlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, «Tengdosh — tengdoshga» tamoyili asosida o‘zaro muloqot va tajriba almashish maydonini yaratishdan iborat bo‘ldi.
Sammit davomida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati ishtirokchilarga samarali yetkazildi. Yoshlarning ekologik masalalar bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirish, ularni ijtimoiy faollik va volontyorlik harakatlariga jalb etish, istiqbolli ekologik startap loyihalarini namoyon qilish va qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tajriba almashinuvi uchun platforma yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki kunlik dastur davomida ishtirokchilarning ekologik bilimlari va amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi. Mamlakatimizda va xorijda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, yashil texnologiyalar hamda ilg‘or xalqaro tajribalar chuqur o‘rganildi.
Tadbir doirasida ijtimoiy soha vakillari, yosh olimlar, ekologlar, startapchilar va faol volontyorlar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bu esa kelgusida qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Bu kabi loyihalar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidorli yoshlarning ilmiy-tadqiqot g‘oyalari va tashabbuslari bilan tanishish, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun keng imkoniyat yaratadi.
Kelgusida partiya g‘oyalari asosida yoshlar orasida ekologik va innovatsion tashabbuslarni aniqlash, ularni davlat dasturlaridagi grant, subsidiya va akseleratsiya mexanizmlari bilan bog‘lash, yosh ekologik faollar, olimlar va startapchilar o‘rtasida doimiy tajriba almashish maydonchalarini tashkil etish ustuvor yo‘nalishlarimizdan biri bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, yoshlarning ekologik startaplarini moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, hududlarda yoshlar ekoinnovatsiya markazlari va biznes-inkubatorlarini tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, yashil kelajakni barpo etishda yoshlarning tashabbusi, bilimi, intellektual salohiyati va fuqarolik mas’uliyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yoshlarning innovatsion va ekologik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash esa mamlakatning barqaror taraqqiyoti, ekologik xavfsizligi va munosib kelajagini ta’minlashga qaratilgan strategik vazifadir.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA