Qurilishdagi nazorat va monitoring – jurnalistlar nigohida
Qurilish sohasida nazorat va monitoring ishlari bino va inshootlarning sifatli hamda mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi. Ayniqsa, tahlillar qurilish maydonidan boshlansa va zamonaviy texnologiyalar orqali amalga oshirilsa, samaradorlik, sifat va tezlik yanada ortadi.
Xorazm viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ana shu ustuvor jihatlarga e’tibor qaratildi.
Matbuot anjumanida hududiy inspeksiya tomonidan qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan davlat nazorati ishlari, sohada olib borilayotgan islohotlar hamda raqamlashtirish borasida joriy etilayotgan zamonaviy tizimlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery 30511]
Shuningdek, nazorat tadbirlarining samaradorligini oshirish, davlat nazoratida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
– 2026-yilning 6 oyi mobaynida viloyat bo‘yicha 2 ming 173 ta qurilish ob’ektida davlat nazorati amalga oshirildi, – dedi Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Sherzod Otayev. – Davlat nazoratini raqamlashtirish borasida ham muhim natijalarga erishildi. Xususan, elektron nazorat tizimi orqali 7 ming 623 ta elektron ko‘rsatmaning ijrosi muntazam kuzatib borildi. Qurilish sohasida nazorat tizimida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish ham ish jarayonini ancha soddalashtirmoqda. Bu tizim qoidabuzarliklarni joyida tezkor aniqlash imkonini bir necha barobarga oshirdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi kunlarda yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida ham qurilish maydonlarida mehnat xavfsizligi talablariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, chang-to‘zon ko‘tarilishining oldini olish maqsadida qurilish maydoniga suv sepilib, bu yerga kirib-chiquvchi transportlarni yuvish ishlari muntazam tashkil etilmoqda. Ishchilar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, sog‘lig‘ini muhofaza qilish va texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jurnalistlar hududiy inspeksiyada faoliyat yuritayotgan “Onlayn kuzatish markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Inspeksiya mutaxassislari tomonidan markazning texnik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur markaz orqali inspektorlarning “bodi kamera”lari yordamida uzatilayotgan jonli tasvirlar hamda qurilish ob’ektlariga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralaridan kelayotgan ma’lumotlar haqiqiy vaqt rejimida kuzatib boriladi. Bu esa inspektorlar faoliyatini masofadan turib monitoring qilish, qurilish ob’ektlaridagi jarayonlarni doimiy nazorat qilish, aniqlangan kamchiliklarga tezkor munosabat bildirish hamda davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Inspeksiyada 2025-yil 1-iyuldan zamonaviy onlayn kuzatuv markazi tashkil etildi, inspektorlar esa bodi-kameralar va maxsus planshetlar bilan ta’minlandi. Bu choralar nazorat tadbirlarining qonuniyligi, xolisligi va samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, davlat xizmatlarida ochiqlik va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, tegishli farmon ijrosi doirasida qiymati 3 milliard so‘m va undan yuqori bo‘lgan qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish ishlari izchil davom etmoqda. Bugungi kunga qadar ushbu toifadagi 275 ta ob’ektning 206 tasida, ya’ni 75 foizida videokuzatuv tizimlari to‘liq ishga tushirildi, – deydi Hududiy inspeksiya sho‘’ba boshlig‘i S.Bobojonov.
Anjumandan so‘ng qurilish ob’ektlari hamda boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini o‘rganish maqsadida uyushtirilgan press-tur ham jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular Urganch tumani Tandirchi mahallasida bir yil oldin tashkil qilingan “Sohil plaza TJM” mas’uliyati cheklangan shakldagi Boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdilar.
Boshqaruv servis kompaniyasining moddiy texnik bazasi kerakli asbob-uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lib, 8 ta ko‘p xonadonli uylarda 336 ta xonadonga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Press-tur davomida ko‘p qavatli uylarning qurilishi va bu jarayonda ishlatiladigan materiallar sifati haqida mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bugungi kunda Xorazm viloyatida hududiy inspeksiya tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan 2 mingdan ortiq qurilish ob’ektida Davlat qurilish nazorati belgilangan tartib asosida amalga oshirilmoqda. – dedi Hududiy inspeksiya bo‘lim boshlig‘i Fahriddin Ahmedov. – Belgilangan vazifalarni samarali tashkil etish maqsadida hududiy inspeksiyada 30 ga yaqin vakolatli inspektor faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda Urganch tumani Tandirchi mahallasida qurilayotgan 10 qavatli turar joy majmuasi uchinchi toifadagi qurilish ob’ekti hisoblanadi va tasdiqlangan xavf darajasiga muvofiq inspektorlar tomonidan har oyda uch marta monitoring o‘tkaziladi. Hozirgi vaqtda nazorat tadbirlari “Qurilish-sinov” laboratoriyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda qurilish materiallari va bajarilayotgan ishlar sifati joyida tekshiriladi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ullarga elektron tarzda yozma ko‘rsatmalar berilib, ularni bartaraf etish yuzasidan nazorat o‘rnatiladi.
Press-tur davomida ishtirokchilar qurilish jarayonlarida olib borilayotgan sifat va xavfsizlik bo‘yicha inspeksiya nazoratiga bevosita guvoh bo‘lib, sohadagi ijobiy o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbiri