Senat: mahalliy kengash deputatlari va “mahalla yettiligi” hamkorligi kuchaytiriladi
Senatda mahalliy kengashlar deputatlari ishtirokida mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, deputatlar va “mahalla yettiligi” o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yil 16-iyul kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Senat qo‘mitasi raisi E.Gadoyev keyingi yillarda mahalla institutini rivojlantirish, aholi muammolarini joyida hal etish va davlat xizmatlarini fuqarolarga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanishini ta’kidladi.
Aholi murojaatlari bilan ishlash, “Tashabbusli byudjet” loyihalari, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy himoya sohalaridagi vazifalar ijrosini ta’minlashda deputatlik nazoratini kuchaytirish zarur.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida mahalliy kengashlar vakolatlari kengaygani, shu bilan birga, deputatlar zimmasidagi mas’uliyat ham oshgani ta’kidlandi. Deputatlar faoliyati, avvalo, aholi muammolarining hal etilishi, davlat dasturlari ijrosi hamda islohotlarning amaliy natijalari bilan baholanishi lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Senat kengashining mahalliy kengash deputatlari va “mahalla yettiligi” hamkorligini takomillashtirishga oid qarori ijrosi tahlil qilinib, monitoring natijalari muhokama etildi. Buxoro, Namangan va Farg‘ona viloyati kengashlari raislarining hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotlari eshitildi.
Muhokama yakunida deputatlarning “mahalla yettiligi” bilan hamkorligini mustahkamlash, davlat dasturlari ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, aholining “Tashabbusli byudjet”dagi ishtirokini kengaytirish, bandlik va ijtimoiy himoya sohalaridagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Mahalliy kengashlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ularning faoliyatini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish muhimligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA