Yoshlar bilan foydali uchrashuvlar o‘tkazildi
Jizzax viloyatining Zomin tumanida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi hamda “Kasbim — faxrim” festivali mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasiga aylandi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan muloqot chog‘ida ilgari surgan muhim tashabbusi — har payshanba kunini vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida samarali tashkil etish vazifasining hayotdagi amaliy natijasi sifatida ahamiyat kasb etdi.

Zominda o‘tkazilgan tadbirlar yoshlarning intilishi, izlanishi va kasbga bo‘lgan muhabbatini bir maydonda mujassam etdi. Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov ishtirokidagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ochiq muloqot, samimiy suhbat va istiqbol rejalari muhokamasiga boy tarzda o‘tdi. Nufuzli mehmonga Jizzax viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Nazarqosimov hamrohlik qildi.
Uchrashuvda yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Tuman markazida tashkil etilgan “Kasbim — faxrim” festivali esa yoshlarning iqtidori, bilim va amaliy mahoratini namoyon etgan yirik maydonga aylandi. “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” milliy kasbiy mahorat tanlovining tuman bosqichida ishtirok etgan yoshlar, ayniqsa, oshpazlik yo‘nalishidagi qatnashchilar o‘z mahorati va ijodkorona yondashuvi bilan yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida dual ta’lim asosida tahsil olib, “Artel Electronics Zomin” korxonasida faoliyat yuritayotgan o‘quvchilar bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unligi yoshlarning amaliy tajribasini mustahkamlash, ularni haqiqiy mehnat muhitiga tayyorlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, Zomin turizm va madaniy meros texnikumining o‘quv-ishlab chiqarish bazalari bilan tanishuv chog‘ida ta’lim sifati, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligi hamda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Bugun mamlakatimizda yoshlarga munosabat mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ularning muammosini eshitish, tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va orzulariga keng yo‘l ochish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Zomindagi mazkur uchrashuv va festival ham ana shu ezgu siyosatning amaliy ifodasi, yosh avlodga bo‘lgan yuksak ishonchning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA