Yangi Toshkentda Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan yuz gektar yer maydonida qurilish ishlari boshlandi
Prezidentimizning joriy yil 12-oktabr kuni Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida har bir viloyat uchun 100 gektardan yer maydoni ajratish hamda ushbu hududlarda viloyatlarning o‘ziga xos arxitektura yechimlarini aks ettiruvchi loyihalarni amalga oshirish vazifasi belgilangan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Yangi Toshkent shahrida Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan 100 gektar yer maydonida qurilish ishlariga start berildi.
Tadbir doirasida Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan hududda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, shuningdek, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan surxondaryolik mutasaddilar hamda qurilish kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Loyihaga muvofiq, 100 gektar maydonda zamonaviy turar joylar, biznes markazlari, turizm majmualari, tadbirkorlik ob’ektlari, ijtimoiy soha muassasalari va zarur infratuzilma inshootlari barpo etiladi. Bunda hududning o‘ziga xos jihatlarini aks ettirish, milliy qadriyatlarni zamonaviy shaharsozlik yechimlari bilan uyg‘unlashtirish hamda aholi uchun qulay yashash muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Hududning 30 foizida yashil maydonlar va ko‘kalamzor hududlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Taqdimot davomida loyihalarni takomillashtirish, yer maydonidan samarali foydalanish va qurilish ishlarini sifatli tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Taqdimotdan so‘ng Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan 100 gektar maydonda qurilish ishlari boshlandi.
N.Abduraimova, O‘zA