Yosh tennischilar musobaqasi
Nukusda tennis bo‘yicha 1998-2004-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida shahar ochiq birinchiligi o‘tkazildi.
Nukusda tennis bo‘yicha 1998-2004-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida shahar ochiq birinchiligi o‘tkazildi.Keksalarni e’zozlash yili va 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan musobaqada Toshkent shahri, Buxoro va Xorazm viloyatlari, Nukus shahri, Amudaryo, Qorao‘zak, Chimboy va Nukus tumanlaridan kelgan jami 145 nafar yosh tennischi ishtirok etdi.
1998-2000-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent shahridan Kamolbek Qo‘shmurodov, qizlar o‘rtasidagi bahslarda Xorazm viloyatidan Barno Husaynbekova birinchi o‘rinni egalladi.
2001-2003-yillarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida Xorazm viloyatidan Rahimbek Ibrohimov, qizlar musobaqasida Nukus shahridan Nasiba Yesbo‘lova g‘olib chiqdi.
2004-yilda tug‘ilgan yoshlar orasida mezbonlar vakili Bahodir Do‘snazarovga teng keladigani topilmadi. Shu yosh toifasidagi qizlar o‘rtasida ham Nukus shahridan Guldona Tursunova shohsupaning yuqori pog‘onasini zabt etdi.
Juftlik bahslarida o‘g‘il bolalar o‘rtasida poytaxtlik Kamolbek Qo‘shmurodov va Rasul Nurmuhammedov birinchi o‘rinni egalladi. Qizlar bahsida esa nukuslik Nasiba Yesbo‘lova va xorazmlik Barno Husaynbekova juftligi g‘olib bo‘ldi.
G‘oliblar medal, diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.