Yosh tadbirkorlarning istiqbolli loyihalari
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yosh tadbirkorlarning chorvachilik sohasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, yosh tadbirkor Mavsumxo‘ja Muhojirov Belarus Respublikasidagi hamkorlari bilan sheriklikda chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihani boshlagan.
Hamkorlik kelishuvi doirasida go‘sht yo‘nalishidagi 31 bosh naslli qoramol olib kelindi. Yaqin kunlarda yana 70 boshdan ziyod naslli qoramolni keltirish, ularni fermer xo‘jaliklari va aholiga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Tadbirkor kelgusida Belarus Respublikasida chorvachilik fermasi tashkil etish, naslchilik xo‘jaligi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda yurtimizga sifatli naslli qoramollarni nisbatan arzon narxlarda yetkazib berishni maqsad qilgan.
[gallery-30774]
— Prezidentimiz va Farg‘ona viloyati hokimligi delegatsiyasining yaqinda Belarus Respublikasiga amalga oshirgan tashrifidan so‘ng hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochildi, o‘zaro ishonch yanada mustahkamlandi. Bu chorvachilik yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda, - deydi Mavsumxo‘ja Muhojirov.
Tumanda chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan yana bir yosh tadbirkor G‘ofirjon Bo‘riboyevning faoliyati ham e’tiborga molik.
U oilaviy korxona tashkil etib, Rossiyadan olib kelingan 100 bosh qoramol parvarishini yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda kuniga 200 litr sut sog‘ib olinib, ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berilmoqda. Oilaviy korxonada zamonaviy talablar asosida naslchilik ishlari ham olib borilmoqda.
Bir necha yil xorijda mehnat migranti sifatida faoliyat yuritgan G‘ofirjon Bo‘riboyev yurtiga qaytgach, 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, chorvachilik bilan shug‘ullana boshlagan. Tadbirkor faoliyatini izchil kengaytirib, bugun o‘nlab ish o‘rinlari yaratgan.
— Mahallada go‘sht sotishga mo‘ljallangan savdo do‘koni tashkil etganmiz. Har bir kilogramm go‘shtni bozordagi narxdan 15 ming so‘m arzon sotyapmiz. Shuningdek, tumandagi kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga muntazam ko‘mak berib kelamiz, - deydi G‘ofirjon Bo‘riboyev.
Tadbirkor mahalla ahli uchun bayram dasturxonlari yozish, tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish kabi xayrli tashabbuslarga ham homiylik qilmoqda.
Rishtondagi bu kabi tashabbuslar tadbirkorlikning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatini ham namoyon etmoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash, naslchilikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar soha taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA