Oila muqaddas dargoh
Oila – jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini, uning mustahkamligi esa farzandlar kamoli va jamiyat barqarorligining muhim omilidir.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvarda “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kelishmovchiliklarning asl sabablarini o‘rganish va oilalarni yarashtirish borasidagi ishlar Yakkasaroy tumanida ham izchil davom ettirilmoqda.
Oilalarni mustahkamlash va oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan tuman Yo‘l xaritasi ijrosi doirasida Oila va xotin-qizlar maskanida navbatdagi muhokama tashkil etildi.
Unda “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi” tomonidan ajrim yoqasiga kelib qolgan 5 ta oilaning oilaviy vaziyati, mavjud muammolari va kelishmovchiliklarning sabablari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda tuman mas’ullari, diniy idora vakili hamda psixolog va mediatorlar ishtirok etdi.
Suhbatlar davomida har bir oilaning holatiga individual yondashilib, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, farzandlar manfaatini ustuvor qo‘yish, muammolarni muloqot va o‘zaro kelishuv orqali hal etish yuzasidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Olib borilgan harakatlar besamar ketmay, 2 ta oila yarashtirildi. Yana 3 ta oilaga esa kelishmovchiliklarni bartaraf etish, oila muhitini sog‘lomlashtirish va oilani saqlab qolish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilib, ular bilan manzilli ishlarni davom ettirish belgilandi.
Zero, bir oilaning saqlab qolinishi bir xonadondagi mehr-oqibat, farzandlar kelajagi va jamiyatdagi totuvlikni asrash demakdir.
Sherbek Islomov, O‘zA