Daniya dori vositalari agentligi bilan farmatsevtika regulyatorligi sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM, Daniya Dori vositalari agentligi (Danish Medicines Agency — DKMA) hamda O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi Elchixonasi vakillari ishtirokida videokonferensaloqa bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot O‘zbekiston farmatsevtika regulyatorlik tizimini xalqaro ilg‘or tajriba asosida yanada takomillashtirish, Yevropa davlatlarining vakolatli regulyator organlari bilan professional aloqalarni rivojlantirish hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga qaratildi.
Uchrashuv avvalida Daniya tomoniga “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi”ning faoliyati, vakolatlari va asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ekspertizadan o‘tkazish, farmakonazorat, dori vositalari sifatini nazorat qilish, laboratoriya faoliyati, shuningdek, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Tomonlar, shuningdek, zamonaviy farmatsevtika regulyatorligi tizimida xalqaro standart va ilg‘or yondashuvlarning ahamiyati, regulyator organlar o‘rtasida tajriba almashish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini muntazam oshirib borish masalalarini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun: Daniya Dori vositalari agentligi (DKMA) Daniyada dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi. Agentlik dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, farmatsevtika kompaniyalarini litsenziyalash va inspeksiyadan o‘tkazish, farmakonazorat, klinik tadqiqotlar hamda tibbiy buyumlar xavfsizligini nazorat qilish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi.
DKMA Yevropa farmatsevtika regulyatorlik tizimining faol ishtirokchilaridan biri sifatida Yevropa dori vositalari agentligi (EMA)ning tegishli qo‘mitalari va ishchi guruhlari faoliyatida ishtirok etadi. Agentlik xalqaro va ikki tomonlama regulyatorlik hamkorligini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda farmatsevtika sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirishni muhim strategik yo‘nalishlardan biri sifatida belgilagan.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Daniya o‘rtasida farmatsevtika regulyatorligi sohasidagi hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, ekspertlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri professional muloqotni yo‘lga qo‘yish, regulyatorlik amaliyoti bo‘yicha tajriba almashish, o‘quv-seminarlar va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, shuningdek, sohaviy mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA